Samarqandda ayolni ayovsiz kaltaklash bilan bog‘liq holat nazoratga olingan, deya xabar qildi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, Samarqand shahar IIB tomonidan jabrlangan ayolga Samarqand shahar IIB tomonidan himoya orderi berilgan va u maxsus markazga farzandlari bilan birga joylashtirilgan.

«Markazda malakali psixologlar jalb qilinib, psixologik yordam berilyapti, shuningdek, M. to‘liq tibbiy ko‘rikdan ham o‘tkazilgan. Barcha zarur dori vositalari olib berilib, sog‘lig‘ini tiklashi uchun yordam ko‘rsatilmoqda. Hozirgi kunda jabrlanuvchi mazkur maxsus markazda 2 nafar farzandi bilan yashab kelmoqda», — deyiladi Senat xabarida.

Shuningdek, ayol va uning ikki nafar farzandi Samarqand shahar IIB tomonidan himoyaga olinib, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda.

Hozirda uning turmush o‘rtog‘iga nisbatan Samarqand shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Mazkur holat Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan. Tegishli idoralarga ushbu masala qonuniy ko‘rib chiqilishi yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan», — deyiladi xabarda.

O‘z navbatida, jabrlanuvchi bloger Aqida Hanum bilan yozishmasida nima sababdan zo‘ravon erga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 103 (o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) va 110- moddalari (qiynash) bo‘yicha ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilishini so‘ragan.

Shuningdek, bloger 3 sentyabr kuni jabrlanuvchi ayol bilan jonli efirga chiqqan. Mustahkam intervyu davomida zo‘ravon er ustidan ikki bor IIBga shikoyat qilganini ta’kidladi. Birinchi safarida o‘z joniga qasd qilib, reanimatsiyaga tushganida IIB xodimi kelib, arizani qabul qilgan. Ikkinchi safar esa unga majburlab ishlatilgan bolalar tagligi (pampers)ni yedirishganidan so‘ng huquq-tartibot organlariga arz qilgan.