Turkiya sudi 2017 yil Istanbulda terakt uyushitirgan O‘zbekistonda tug‘ilgan Abdulqodir Masharipovga umrbod qamoq jazosi belgiladi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar berdi.

2017 yil 1 yanvar oqshomida Abdulqodir Masharipov Istanbuldagi Reina klubida otishma boshlab, 39 kishining hayotiga zomin bo‘lgan, 65 kishi tan jarohati olgan. O‘shanda klubga hujum uyushtirish bo‘yicha javobgarlikni «Islom davlati» terroristik tashkiloti o‘z bo‘yniga olgan edi.

Teraktni sodir etgandan keyin Masharipov kiyimlarini almashtirgan va klubdan qochayotgan olomonga qo‘shilib qochib ketgan. Teraktdan 2 hafta o‘tib u qo‘lga olingan edi.

Sud jarayonida Abdulqodir Masharipov o‘z aybini tan olmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u qiynoqlar va bosim ostida ko‘rsatma bergan. Bundan tashqari, u barmoq izlarini tekshirish bo‘yicha da’vosi qondirilmaganligini aytdi.

Turkiya sudi Masharipovni mamlakat konstitutsiyasini buzishda va 39 nafar odamni qasddan o‘ldirishda aybdor deb topdi va 40 ta umrbod qamoq jazosi belgiladi.

Bundan tashqari, sud Masharipovni 79 kishini o‘ldirishga qasd qilish va litsenziyasiz qurol olib yurishda aybdor deb topdi va 1368 yilga ozodlikdan mahrum etdi, 375 ming lira jarimaga tortdi.

Unda muddatdan avval ozodlikka chiqish huquqi bo‘lmaydi.