VI Xalqaro armiya o‘yinlarida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari umumiy jamoaviy hisobda uchinchi o‘rinni egallashdi. Musobaqa 23 avgustdan 5 sentyabrgacha davom etib, 30 mamlakatdan 160 ta jamoa o‘rtasida bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Avval xabar berilganidek, terma jamoa uchta musobaqada g‘olib bo‘ldi: «Sodiq do‘st», «Yo‘l patruli» va «Harbiy-tibbiy estafeta».

O‘zbekiston jamoasi «Qo‘shin razvedkasi a’lochilari», «Harbiy ralli», «Otliq marafon», «Elbrus halqasi», «Xavfsiz marshrut», «Artilleriya olovi ustasi», «Qurolsoz usta» va «Merganlar marrasi» musobaqalarida ikkinchi o‘rinlarni egalladi.

Mamlakat terma jamoasi «Dala oshxonasi», «Xavfsiz muhit» va «Avtozirhli tanktexnika ustasi» musobaqalarida ham uchinchi o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldi.

O‘tgan yili harbiylar 32 mamlakat jamoalari bilan jami 14 yo‘nalishda bellashishdi. Shulardan ikkitasida birinchi, to‘rtta ikkinchi va beshta uchinchi o‘rinlarni egallashdi, va bu ularga umumiy jamoaviy tasnifda beshinchi o‘rinni egallashga imkon berdi.

Foto