Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi boshqarma boshlig‘i, epidemiolog Rustam Ikromov 7 sentyabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda dezinfeksion tunnellar bo‘yicha fikr bildirib, ularning samarali ekanligini ta’kidladi.

Rustam Ikromovning ta’kidlashicha, «dezinfeksion tunnellarning umuman foydasi yo‘q deyish — bu juda oson baholash bilan barobar».

«U tunnellarni butunlay samarasiz, deb atashdan yiroq bo‘lardim. Birgina shu o‘tkir ichak yuqumli kasalliklari yoki Gepatit A kasalligining 2019 yil shu davriga nisbatan solishtirib aytadigan bo‘lsak, o‘tkir ichak yuqumli kasalliklari 61 foizga, gepatit A esa 76 foizga kamayganligining o‘zi dezinfeksion tunnellardan samarali yordamchi vosita sifatida foydalanib kelinayotganligini isbotlab beradi», — deydi boshqarma boshlig‘i.

Rustam Ikromovning aytishicha, dezinfeksion tunnellarni butunlay samarasiz degan hech qanday ilmiy maqolalar yoki nufuzli idoralarning ko‘rsatmalari bugungi kungacha yakuniy xulosa sifatida berilmagan. «Ya’ni, bu ayrim manbalarda samarasiz deb ko‘rsatilayapti, ayrim manbalar uning aynan yondosh yuqumli kasalliklarga nisbatan samarasi yuqoriligini bildirishyapti».

«Endi bugungi kundagi ruxsat berilayotgan sohalar, maktab va bog‘chalarda dezinfeksion tunnellarning o‘rnatilmasligiga e’tibor qaratganmiz. Sabab shundaki, bolalarda shilliq qavat kattalarnikiga nisbatan nozik hisoblanadi va dezinfeksion eritmalarning ta’siri kuchliroq bo‘ladi. Lekin umumiy foydalanish joylarida, bozorlar va savdo majmualarida ham o‘rnatilgan, va buning shu paytgacha hech qanday zararli tomoni isbotlangan maqola yo‘q. O‘z navbatida biz bundan yordamchi vosita sifatida foydalanishda davom etishimiz kerak bo‘ladi», — dedi Rustam Ikromov


Avvalroq, 6 sentyabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi dezinfeksiya tunnellarining koronavirusga qarshi kurashda eng foydasiz vosita ekanligi haqida xabar bergan edi.

«Gazeta.uz» JSST manbalariga tayanib, dezinfeksiya vositalarini yopiq binolarda sepish yoki fumigatsiya qilish (kimyoviy gazlar bilan zararsizlantirish) koronavirus holatlarida samarasiz ekanligi xaqida xabar bergan edi.