Dezinfeksiya tunellari — koronavirusga qarshi eng foydasiz chora. Sog‘liqni saqlash vazirligi shunday xulosaga keldi.

Vazirlik bayonotida aytilishicha, profilaktika maqsadida qo‘llaniladigan ayrim choralar samarasiz ekanini, qaytaga salbiy oqibatlari ko‘proqligini vaqt ko‘rsatib qo‘ymoqda.

«Shunday choralardan biri dezinfeksiya tunnellaridir. Hozirda bunday tunnellar deyarli har bir tashkilot, xususan, umumiy ovqatlanish ob’ektlari, aeroport, temir yo‘l vokzallari, bozorlar, super market kabi qator muassasa binolari oldida o‘rnatilgan. Hatto kirish yo‘laklarining boshqa qismlari qizil lentalar bilan o‘ralib, odamlarga shu tunnel orqali o‘tishdan boshqa yo‘l qoldirilmagan», — deyiladi xabarda.

Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Raziqova bunday tunnellaring inson organizmiga zararli tomonlari haqida so‘zlab berdi.

«Dezinfeksiya chorasi sifatida xlorli eritmalardan foydalanishni dunyo davlatlari tajribadan o‘tkazishdi. Amerikalik ekspertlarning ta’kidlashicha, ko‘chalarni dezinfeksiya qilish va dezinfeksiya tunnellaridan keng foydalanish ko‘proq insonlarni vahimaga tushmasligi yoki ularni tinchlantirish maqsadida amalga oshirilgan. Va, shuni aytish lozimki, xanuzgacha buning samarasi isbotlanmagan», — deydi mutaxassis.

Ilmira Raziqova dezinfeksiya tunnellarida foydalaniladigan xlorli eritmalar tibbiyotda juda ko‘p yillardan beri ishlatilishini va uning inson organizmiga xatarli ta’siri juda kuchli ekanligini ta’kidladi.

Professorning so‘zlariga ko‘ra, kun davomida ishlab turgan tunneldan bir kishi qayta-qayta o‘tishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Davomiy ishlatilgan har bir kimyoviy modda inson organizmida allergik holatlarni keltirib chiqaradi.

Allergolok Ilmira Raziqova buning asoratlari o‘ta xavfli tus olib ketishidan ogohlantirdi. Bu yuqori nafas yo‘llarining yengil qizarishidan to yengil kuyishgacha bo‘lgan xolatlarni chaqiradi. Buning natijasida insonda allergik rinit, konyuktivit, bronxit va xattoki og‘ir kasallik hisoblanuvchi — bronxial astmaga olib kelishi mumkin.

«Maktablar faoliyatini qayta tiklash masalasi o‘rtaga chiqqanda, bolalarning sog‘ligiga salbiy ta’sirlari inobatga olinib, Sog‘liqni saqlash vazirligi ta’lim muassasalari oldida dezinfeksiya tunnellarini o‘rnatish qat’iyan man etilishini ta’kidlagan edi», — deyiladi xabarda.

Jaxon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham bunday tunneldarning samaradorligi isbotlanmaganligini bildirdi.

«Dezinfeksiya tunnellarini metro yoki boshqa muassasa binolari oldida o‘rnatilishi shart emas, deb hisoblaymiz. Hozirda bunday noto‘g‘ri profilaktika ko‘z konyuktivasi va yuqori nafas a’zolarining allergik shikastlanishiga sabab bo‘lmoqda. Tunnellar o‘rniga kirish joylarida o‘zaro masofani saqlash, isitmani o‘lchash, qo‘llarga antiseptik bilan ishlov berish yo‘lga qo‘yilgani maqsadga muvofiq», — deb aytmoqda mutaxassis.

Oldinroq, «Gazeta.uz» JSST manbalariga tayanib, dezinfeksiya vositalarini yopiq binolarda sepish yoki fumigatsiya qilish (kimyoviy gazlar bilan zararsizlantirish) koronavirus holatlarida samarasiz ekanligi xaqida xabar bergan edi.