Oxirgi 5−6 kundagi statistikaga ko‘ra, tez yordam xizmatiga murojaatlar soni 29,3 mingdan, 34,2 mingacha oshgan, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

«Respublika bo‘yicha koronavirusdan sog‘ayish ko‘rsatkichi so‘nggi 25 kun ichida 73 foizdan 94 foizgacha o‘sib, qariyb 18 ming nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa-da, ushbu ijobiy ko‘rsatkichlardan xotirjamlikka berilmasligimiz kerak», — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Farrux Sharipov.

Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi 5−6 kundagi statistikaga ko‘ra, 26 avgustdan boshlab tez yordam xizmatiga murojaatlar soni 29,3 mingdan, 34,2 mingacha oshgan. Ushbu murojaatlarning o‘tkir respirator bilan bog‘liq chaqiruvlarning soni 2,2 mingdan 3 mingtagacha oshdi. Tana harorati oshgani sabab chaqiruvlar esa 2,5 mingdan 3,5 mingtagacha ko‘paygan.

Shu bilan birga, ambulator-poliklinika muassasalariga arterial bosimning ko‘tarilishi, ortiqcha vazn, qandli diabet kabi xastaliklar bilan murojaatlar ko‘paygan. Pnevmoniya belgilari sabab qilingan murojaatlar soni 244 nafardan 305 nafargacha oshganligi hammani yana bir bor ogoh, hushyor bo‘lishini, shuningdek, karantin talablariga qat’iy amal qilishni taqozo qiladi.