Bugun, 6 oylik tanaffusdan so‘ng, 7 sentyabr kuni 329 maktab an’anaviy ta’lim tizimiga qaytdi va o‘quvchilarini qabul qildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: XTV

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ilk bor koronavirus infeksiyasi aniqlanganidan so‘ng, 16 martdan boshlab, an’anaviy ta’lim jarayonlari vaqtinchalik to‘xtatilib, bolalar uy sharoitida onlayn tahsil olishni boshlagan edi.

Xabarga ko‘ra, Sanitariya xizmati markazlari 5 sentyabrga qadar maktablarning yangi o‘quv yiliga tayyorlik holatini o‘rganib, jamoaga qo‘shimcha o‘quv-treninglar o‘tkazgan, bunday treninglar hozirgi kunda ham davom etmoqda.

«Maktablar faoliyatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan tegishli qaror sanitariya epidemiologiya va osoyishtalik markazining xulosasi asosida mahalliy xalq deputatlari kengashlari tomonidan qabul qilinadi», — deya ta’kidlanadi bayonotda.

Vazirlik matbuot xizmati yangi 2020/2021 o‘quv yili rasman14 sentyabr kunidan boshlanishini eslatib o‘tdi. XTV ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatdagi maktablar soni 9942 tani tashkil etadi.

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada 5 million 500 ming nafar ota-onadan 76 foizi ta’lim jarayonini maktabga qatnagan holda, ya’ni an’anaviy shaklda olib borish tarafdori bo‘lgan, 24 foizi esa masofaviy shaklda — teledarslar orqali davom ettirishni ma’qul ko‘rishgan.

Oldinroq pandemiya davrida maktablarga qo‘yiladigan vaqtinchalik sanitariya talablari vazirlik tomonidan tasdiqlangan edi.