Xalq ta’limi vazirligi birinchi o‘qish haftasini tashkil etish bo‘yicha ota-onalarga tavsiyalar bilan murojaat qildi. Bu haqda vazirlikning matbuot xizmati e’lon qildi.

Ota-onalarga bo‘lgan murojaatda vazirlik COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq karantin davrida maktab o‘quvchilari o‘tgan o‘quv yilining ikkinchi yarmida masofadan ta’lim olganini va yangi o‘quv yilida bolalar 14 sentyabrdan boshlab maktabga borishini eslatib o‘tdi.

Shu o‘rinda psixologlar bunday uzoq karantindan chiqish uchun vaqt (kamida 3 hafta) talab etilishini inobatga olib, XTV ota-onalardan bolaning hissiy holatiga e’tibor berishini so‘radi.

«Ota-onalar o‘z farzandlarida o‘tkazib yuborilgan vaqt davomidagi o‘zlashtira olmaganlariga yetishib olish uchun paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan stressni yengishga yordam berishlari kerak», — deyiladi xabarda.

  1. «Farzandingizga o‘qish va dam olish vaqtini taqsimlashida yordam bering. Maktabdan keyin bola albatta dam olishi, ovqatlanishi va shundan keyingina uy vazifasini bajarishni boshlashi kerak. Unga yozma va og‘zaki topshiriqlarni bajarishni almashtirib turishini va ular orasida qisqa tanaffuslar qilishi kerakligini ayting. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘z diqqatlarini 10−15 daqiqa davomida bitta topshiriqni bajarish uchun jamlashlari mumkin. Bitta mashg‘ulot aynan shuncha vaqt davom etishi kerak.
  2. Bolaning televizor oldida va kompyuterda o‘tkazadigan vaqtini cheklang — bu mashg‘ulotlar nafaqat dam olishga yordam bermaydi, balki tanani charchatadi.
  3. Farzandingiz uxlashga erta yotishini nazorat qiling. Doimiy ravishda uyquga to‘ymaslik charchoqni, yomon kayfiyatni va diqqatning tarqoq bo‘lishini keltirib chiqaradi. Kichik maktab yoshidagi o‘quvchilar kamida 10 soat, o‘spirinlar esa 9 soat uxlashlari kerakligini unutmang.
  4. Karantin ta’tilidan keyin bola maktabda yomon baho olishi mumkin. Unga tanbeh bermaslikka harakat qiling, bunga sabrli bo‘ling. Doimiy tanbehlar tufayli o‘g‘lingiz yoki qizingizning o‘zlariga, o‘z imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchini yo‘qotishiga yo‘l qo‘ymang.

«Muayyan vaziyatda qanday munosabat bildirishni bilmasangiz, o‘zingizni bolaning o‘rniga qo‘ying. O‘z bolaligingizni eslang va farzandlaringizni baxtli xotiralardan mahrum qilmang», — deya tavsiya berdi vazirlik.

Ma’lumot uchun, 7 sentyabr kuni 329 ta maktabda yangi o‘quv yili boshlandi.