Rossiya bilan aviaqatnovlarni tiklashdan oldin mamlakatdagi epidemiologik holatni baholash uchun vaqt talab etiladi. Bu haqda sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahodir Yusupaliyev Rossiyaning «Kommersant’» nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Bizda qaysi xorijiy davlatlarda kamroq yangi holatlar aniqlanayotganligi va qayerda kasallanganlar bo‘yicha aniq ma’lumot bo‘lishi uchun PZR-tekshiruvlari jiddiy o‘tkazilayotganligini aniqlaydigan nizom bor. Ushbu tahlilga asoslanib, aviaqatnovlarni ochish bo‘yicha qaror qabul qilamiz. Bu dinamik jarayon, o‘ylashimcha, keyinchalik chegaralar kengroq ochiladi», — dedi u.

Bahodir Yusupaliyev Rossiya bilan aviaqatnovlar sentyabr oyida ochilish ehtimoli borligini aytib o‘tdi, lekin 5 sentyabrdan karantin choralari yumshatilganidan keyin holatni baholash uchun vaqt kerakligini tushuntirdi.

«Balkim sentyabr oyida ham ocharmiz. Lekin tushuning, biz 15 maydan ikki oy karantin qildik, keyin choralar yumshatildi, va oqibatda kasallanish holatlari oshib ketdi va 15 avgustgacha yana karantin e’lon qilishga majbur bo‘ldik. 15 avgustdan u ozgina yumshatildi, 5 sentyabrdan esa yangi yumshatishlar kiritildi. Biz barcha davlatlar kabi maktablarni va maktabgacha muassasalarni ochyapmiz. Va bizga respublikadagi vaziyatga baho berish uchun vaqt kerak. Agar kasallanish holatlari kamayib borsa, bu aviaqatnovlarning tiklanishiga olib keladi», — deya ta’kidladi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori.

Oldinroq Bahodir Yusupaliyev O‘zbekiston boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi vaksinalar klinik sinovlarining uchinchi bosqichida qatnashish yoki sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan vaksinalarni sotib olish imkoniyatlarini o‘rganib chiqayotganligi haqida ma’lumot bergan edi.

3 sentyabr kuni Uzbekistan Airways Dubay, Frankfurt, Istanbul, Olmaota va Bishkek shaharlariga doimiy aviaqtnovlarni tiklaganligi haqida xabar berilgan edi.