Rossiyada uy-joyga ega bo‘lgan chet elliklarga boshqa chet el fuqarolarini mezbon sifatida o‘z uyiga joylashtirish, ularni o‘z uyida ro‘yxatdan o‘tkazish huquqini beruvchi federal qonun kuchga kirdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Iyun oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu haqdagi tegishli hujjatni imzolagan. Bundan avval, «Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni Rossiya Federatsiyasida migratsion ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida» gi qonunga tegishli o‘zgarishlar kiritilgan.

Yangi tartibga ko‘ra, Rossiyada turar joyi bo‘lgan va Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lmagan shaxs mezbon sifatida boshqa chet el fuqarosini o‘z uyiga joylashtirishi yoki uni o‘z uyida yashash joyi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish huquqiga ega.

Shuningdek, ushbu qonun o‘z vatandoshlari va ularning oila a’zolarining Rossiyaga ixtiyoriy ravishda ko‘chib kelishiga ko‘maklashish bo‘yicha davlat dasturida ishtirok etayotgan chet elliklarni kelgan kunidan boshlab 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga ro‘yxatdan o‘tish majburiyatidan ozod qiladi.