4 sentyabr kuni parlament quyi palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitalari tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risidagi» qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlab yig‘ilish o‘tkazildi, deya xabar berdi Oliy Majlis qonunchilik palatasi matbuot xizmati. Unga ko‘ra, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi ustida ish boshlandi.

«Amaldagi Mehnat kodeksi zamonaviy voqelikka mos kelmasligi va fuqarolarni mehnat faoliyatiga jalb qilishning yangi turli xil shakllarining faol rivojlanishini hisobga olmasligi, ish beruvchilarni, xususan, qo‘shimcha odamlarni mehnatga jalb qilishning sodda shakllarini tanlashga imkon beradigan moslashuvchan ish rejimlaridan keng foydalanish uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratmasligi, bugungi kunda mahsulot, tovarlar va xizmatlar uchun mavsumiy talabning oshib borishi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksini qabul qilish zaruratini tug‘dirmoqda», — deyiladi qonunchilik palatasi xabarida.

So‘nggi yillarda ish bilan band bo‘lganlar soni 1,5 barobarga (8,8 mlndan 13,5 mln gacha), ish beruvchilar soni 4,5 barobarga (203,2 mingdan 928,9 minggacha) oshdi. Bu esa ish beruvchi va xodimlarning o‘zaro munosabatlari faol rivojlanish talablarini hisobga olgan holda mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini takomillashtirib borishni talab etadi.

Qonun loyihasining mualliflarining ta’kidlashicha kodeksning yangi tahririga quyidagi qoidalar kiritiladi:

  • ish bilan ta’minlash;
  • individual mehnat munosabatlari;
  • ishchilarni kasbga tayyorlash;
  • qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
  • ma’lum bir toifadagi ishchilar mehnatiga buyurtma berish xususiyatlari;
  • ishchilarning mehnat huquqlarini himoya qilish;
  • mehnatga oid nizolarni ko‘rib chiqish.

Mehnat kodeksining yangi tahriri bozor iqtisodiyoti talablarini hisobga olgan holda xodimlar va ish beruvchilar manfaatlarining muvozanatini ta’minlash, ularni ijtimoiy hamkorlikka jalb qilish, tomonlarning mehnatning natijadorligiga qiziqishini rag‘batlantirish, kichik biznes va yakka tadbirkorlik sohasiga mehnat qonunchiligini tatbiq qilishi ko‘zda tutilmoqda.

«Yangi tahrirdagi Kodeks loyihasi xodimlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi yakka tartibdagi va ular bilan bog‘liq bo‘lgan mehnat munosabatlarini tartibga solishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Unda ish beruvchi sub’ektlar sifatida mulkiy va idoraviy mansubligidan qat’i nazar tashkilotlar, yollash huquqiga ega bo‘lgan tashkilotlarning alohida tarkibiy bo‘linmalari hamda jismoniy shaxslar belgilanmoqda. Mazkur qoidaning belgilanishi ishchi o‘rinlarining ko‘payishiga, norasmiy sektorda faoliyat olib boruvchi shaxslarning qisqarishiga hamda ularning huquqlari doimiy ravishda himoya qilinishiga olib keladi. Shu bilan birga, hujjatda mehnat shartnomasini tuzish bilan bog‘liq ayrim munosabatlar takomillashtirilmoqda», ― deydi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Tojiyev.

Ma’lumot uchun, amaldagi Mehnat kodeksi 294 moddadan iborat bo‘lib, 1995 yili 12 dekabrda qabul qilingan.