«Navbahor» futbol klubi bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis koronavirusga qanday chalingani va davolanishi haqida Rossiyaning «Sport-ekspress» nashriga bergan intervyusida aytib berdi. «Gazeta.uz» intervyuni qisman havola etadi.

— Andrey, o‘zingizni qanday his qilayapsiz?

— Rahmat, hozir ancha yaxshiman. Payshanbadan beri kasalxonada davolanayapman. Ukol, dorilar…

 — Nechta ukol olyapsiz?

— Kuniga uch mahal ukol qilishayapti — qornimga, venadan va dumbaga. Koronavirusga ijobiy test topshirganimdan keyin darhol shifoxonaga yotmoqchi edim, ammo Toshkentda bu borada muammolar bor. Hamma yer band.

 — Kasallanganlar shuncha ko‘pmi?!

— Davolanish bepul bo‘lgan shifoxonalar haqida hali gapirganim yo‘q. Pulga ham bo‘sh koyka topishning o‘zi qiyin. KTdan (kompyuter tomografiyasi — tahr.) o‘tish uchun bir soat navbat kutishimga to‘g‘ri keldi.

Oxir-oqibat, do‘stlarim koronavirusni davolaydigan maxsus xususiy klinika bilan kelishishdi. Bu yerdagi shifokorlar yuqori malakali. To‘liq tekshiruvdan o‘tkazishdi, tahlillar topshirdim. Tomografiya qilinganda esa o‘pkamning 20 foizi zararlangani ma’lum bo‘ldi. Shifokorlarning aytishicha, o‘z vaqtida murojaat etibman, yana 1−2 kun kechikkanimda jiddiy muammoga yo‘liqardim.

— Qachon kasallandingiz?

— 28 avgustda. Birinchi kunlarni mehmonxonada xonadan chiqmay o‘tkazdim. O‘zimni yaxshi his qilardim, yo‘tal ham, isitma ham yo‘q edi. Keyin birdaniga isitmam 39 darajaga chiqdi. O‘shanda statsionar kerak bo‘lishini tushundik.

— Eshitishimcha, sizning «Navbahor»da ko‘p kishi infeksiya yuqtirib olgan.

— Ha, yetti nafar futbolchi, massajchi va videooperatorimiz… Asosiysi, Namanganda yashayotganimizda hammasi joyida edi. Qarorgohda izolyatsiya qilgandik, kontaklar minimal edi. O‘yinlarni ham uyda ham, safarda ham tinchgina o‘tkazayotgandik. To‘satdan, avgust oyida federatsiya 4ta tur o‘yinlarini markazlashgan holda bitta shaharda o‘tkazishini e’lon qildi.

— Qaysi shaharda?

— Toshkentda. Bu shaharga kelishga qat’iyan qarshi edim, chunki virus tarqalishi yana avj olgan edi. Afsuski, boshqa klublardagi hamkasblar fikrimni qo‘llab-quvvatlashmadi. Bu yerda hamma liga rahbariyati bilan bahslashishdan, omma oldida o‘z fikrini aytishdan qo‘rqadi. «Paxtakor» bosh murabbiyi Shota Arveladze va men bundan mustasno.

— Yakunda hamma jamoalar Toshkentda to‘planishdimi?

— Ha. Birinchi o‘yinni o‘tkazdik va futbolchilarimizdan biri kasallandi. Keyin esa kasallanish zanjiri boshqalarga o‘tdi… Tarkibdagi 7 nafar futbolchisiz qolganimizdan keyin o‘yinni ko‘chirish haqida so‘radik. Ammo liga rahbariyati so‘rovimizga rad javobini berdi.

Intervyuning to‘liq versiyasini «Sport-Ekspress» nashrining saytida (rus tilida) yoki «Kun.uz» saytida (o‘zbek tilida) o‘qishingiz mumkin.