1 kilogramm paxta birinchi terimda 1000 so‘m, ikkinchi terimda 1400 so‘m bo‘ladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Rasmiy xabarlar» Telegram-kanali.

Vazir o‘rinbosarining aytishicha, paxta mavsumida yaxshi teradigan terimchilar kuniga 100−120 ming atrofida daromad olishlari mumkin.

«Paxta teruvchilar 2 xil bo‘ladi. Birinchisi o‘z manzilida paxta teradiganlar, ikkinchisi esa boshqa hududlardan kelib terimga yordamlashadiganlar. Barcha terimchilar uchun mehnat sharoitlari tashkillashtiriladi.

Terimga, avvalambor, ishsizlar: yoshlar, xotin-qizlar, xohish bildirsa, keksalarni ham jalb qilamiz", — dedi Bahodir Umrzoqov.

U️ning qo‘shimcha qilishicha, birorta yollanma ishchi shartnoma tuzmasdan turib paxta dalasiga chiqmaydi.

«Bu yilgi paxta mavsumida mehnat qonunchiligiga, Xalqaro mehnat tashkilotlari tomonidan bildirilgan tavsiyalarga qat’iy amal qilinadi, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘tgan yillari majburiy va bolalar mehnati bilan bog‘liq holatlar kuzatildi. Biroq bu yil bunga jiddiy qaraymiz. Paxta terimiga ishchilar shartnoma asosida, ko‘ngilli ravishda jalb qilinadi. Birorta yollanma ishchi shartnoma tuzmasdan turib paxta dalasiga chiqarilmaydi», — dedi Umrzoqov.