O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT), Mustaqil Davlat Hamdo‘stligi (MDH), Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXSHT) a’zo davlatlar mudofaa vazirlarining qo‘shma majlisida ishtirok etdi.
Bahodir Qurbonov (o‘ngda).

Tadbir Moskva viloyatidagi «Patriot» («Vatanparvar») bog‘ida Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu rahbarligi ostida bo‘lib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, majlis «xalqaro aloqalarimiz tarixida bunday darajadagi ilk uchrashuv bo‘ldi», deya xabar qildi RF Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Yig‘ilishda SHHT, MDH va KXSHT mudofaa mahkamalari rahbarlari terrorizmga qarshi kurashdagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.

«Sentyabr oxirida „Kavkaz-2020“ strategik qo‘mondonlik-shtab o‘quvlarida terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shma vazifalarni ishlab chiqish taklif etildi», — Sergey Shoygu. Bunday o‘quvlar ilk bor tashkil etilmoqda.

Yig‘ilishda biologik xavfsizlikka, jumladan, mintaqaga mansub bo‘lmagan davlatlarning harbiy-biologik faoliyati bilan bog‘liq tahdidlarga qarshi o‘zaro ko‘maklashish bo‘yicha ehtimoliy choralar muhokama qilindi.