3 sentyabr kuni Namangan viloyatining Chust tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki kishi, shu jumladan, uch yashar qiz halok bo‘ldi, yana to‘rt kishi jarohatlandi, deya xabar berdi IIV huzuridagi Tergov boshqarmasi matbuot xizmati.

Soat 10:00 atrofida BMW rusumli avtomashina haydovchisi, 39 yoshli B.U. Chust tumani Varzik-Qoraqo‘rg‘on avtomobil yo‘li bo‘ylab harakatlanib ketayotgan vaqtida boshqaruvni yo‘qotib yo‘lning chap tomonidagi beton to‘siqqa urilgan.

Oqibatida avtomashinada bo‘lgan 2 nafar yo‘lovchi — 33 yoshli M.U. va uning 3 yoshli qizi R.U. hodisa joyida vafot etgan. Haydovchi va 3 nafar yo‘lovchi turli darajada tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Holat yuzasidan Chust tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.