Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va AQSHning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum ishtirokida AQSH hukumati Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali koronavirusga qarshi kurashishda ko‘maklashish maqsadida O‘zbekistonga taqdim etgan 200 ta zamonaviy sun’iy nafas berish apparatini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi SSV matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, hozirda respublikadagi tibbiyot muassasalarida 2 mingdan oshiq sun’iy nafas berish apparatlari mavjud. «Umumiy qiymati 2,6 mln dollar bo‘lgan 200 ta sun’iy nafas berish apparatlari esa AQSH tomonidan bundan avval yetkazib berilgan 6 mln dollardan ortiq ko‘makning davomi bo‘ldi», deyiladi SSV xabarida.

Taqdim etilgan sun’iy nafas berish apparatlari O‘zbekistondagi sog‘liqni saqlash muassasalarining texnik infratuzilmasi, hatto mintaqaviy iqlimni ham hisobga olgan holda maxsus buyurtma asosida ishlab chiqarilgan. Xususiyatlariga ko‘ra, ushbu qurilmalar statsionar davolanishda intensiv terapiya uchun ham, aerotibbiy transportda yoki tez yordam mashinalarida bemorni tashish paytida ham qo‘llaniladi.

«COVID-19 sharoitida barcha mamlakatlar global hamjamiyat sifatida harakat qilishi lozim», — dedi AQSH elchisi Deniyel Rozenblyum.

Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bu uskunalarni mamlakat bo‘ylab tibbiyot muassasalariga yetkazib berish, tashish va joylashtirishni rejalashtirishda O‘zbekiston va AQSHdagi sog‘liqni saqlash vazirligi hamda boshqa manfaatdor tomonlar bilan ish olib bormoqda. Shuningdek, USAID tibbiyot xodimlari uchun trening mashg‘ulotlari o‘tkazish va uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatishga mablag‘ ajratadi.