AQSH-Markaziy Osiyo savdo va sarmoya doirasidagi bitimi (TIFA) to‘g‘risidagi yig‘ilish oktyabr oyida onlayn tarzda o‘tkazilishi mumkin, deya xabar berdi Investitsiya va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati. Avvalgi TIFA yig‘ilishi 2019 yil 21−22 oktyabr kunlari Vashingtonda bo‘lib o‘tgan edi.

Yangi uchrashuvni o‘tkazish masalalari 2 sentyabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va AQSHning Toshkentdagi elchisi Deniyel Rozenblyum tomonidan muhokama qilindi.

Uchrashuvda, shuningdek, AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (USDFC) bilan birgalikda transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirish va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan mintaqaviy loyihalarni birgalikda moliyalashtirish imkoniyatlari o‘rganib chiqildi.

Tomonlar O‘zbekiston va AQSHning Markaziy Osiyo va Afg‘oniston davlatlarining iqtisodiy va infratizimli aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan yondashuvlarining umumiyligini ta’kidlashdi. Vazir va elchi, shuningdek, «C5+1» platformasi doirasidagi hamkorlikdagi yutuqlarni ijobiy baholashdi va ushbu format yuzasidan iqtisodiy ishchi guruhning bo‘lajak yig‘ilishini o‘tkazishda kun tartibidagi masalalarni muhokama qilishdi.