Ixtirochi Nikola Teslaning nomi bilan atalgan Nikola kompaniyasi elektr yuk mashinalari startapidan yirik avtomobilsozlik sanoatiga aylandi.

Bu yil iyun oyining boshida IPO (birlamchi ommaviy taklif) o‘tkazilgandan beri 5 kun ichida Nikola kompaniyasining bozor qiymati deyarli 30 mlrd dollarga yetdi, bunday o‘sish Ford va Fiat-Chrysler brendlarining ko‘rsatkichlariga qaraganda ko‘proq. Lekin Nikola avtomobil ishlab chiqarishni hali boshlagani yo‘q.

Kompaniya asoschisi Trevor Milton o‘z tadbirkorlik faoliyatini suyultirilgan va siqilgan tabiiy gazni saqlash ballonlarini ishlab chiqarishdan boshlagan. Keyinchalik Milton og‘ir yuk mashinalarining dvigatellarini tabiiy gazga o‘tkazadigan dHybrid Systems kompaniyasiga asos soladi. 2014 yilda Milton Yuta shtatining poytaxti Solt-Leyk-Siti shahrida Nikola Motor kompaniyasini tashkil etadi. Kompaniya yuk mashinalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashadi.

Milton o‘z biznesini yuk mashinalarini ishlab chiqarish bilan boshlaganligiga bunday izoh berdi: — «Sizlarga rostini aytganda, yuk mashinalarini sotishda juda ko‘p pul topsa bo‘ladi, yengil mashinalarda deyarli pul yo‘q. Shuning uchun biz yuk tashishni yaxshi ko‘ramiz».

Nikola yuk mashinalarida batareyaning xajmini kamaytirish orqali mashinaning umumiy og‘irligi ham kamayadi. Bunda transport vositasi ko‘proq yuk tashish imkoniyatiga ega bo‘ladi, deyiladi kompaniya ma’lumotlarida.

Nikola mashinalarida elektr motorning ishlash jarayoni shundaki, elektr toki mashinaning o‘zida vodorod va kislorodning kimyoviy reaksiyasi orqali hosil bo‘ladi. Ya’ni, mashina faqat vodorod bilan to‘ldiriladi.

Kompaniyaning «One» nomli ilk yuk mashinasining prototipi 2016 yilda taqdim etilgan. So‘ngra, 2017 yilda «Two» nomli va 2018 yilda «Tre» nomli mintaqaviy yuk tashish mashinalarining modellari namoyish etildi.

Foto: Nikola One / nikolamotor.com

Foto: Nikola Tre / nikolamotor.com

2020 yil fevral oyida kompaniya «Nikola Badger» pikapining kompyuter modelini taqdim etdi. Ushbu model ko‘pchillik tomonidan Tesla Cybertruck mashinasining asosiy raqibi sifatida baholandi.

Foto: Nikola Badger / nikolamotor.com

Miltonning so‘zlariga ko‘ra, Nikola yuk mashinalaring ishlab chiqarilishi kamida 2024 yildan boshlanadi. Hozirda DAF, Daimler, Kenworth, Peterbilt, Toyota va Volvo kompaniyalari ham elektr yuk mashinalari ustida ishlashmoqda.