Farg‘onada bir yoshli farzandini 1500 dollarga sotmoqchi bo‘lgan 24 yoshli ayol G. S. qo‘lga olindi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmati xabar qildi.

Departament ma’lumotlariga ko‘ra, 1 sentyabr kuni IIB va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida G. S. kelishilgan puldan 500 dollarini olayotganda ushlandi. Undan o‘rnatilgan tartibda kimyoviy ishlov berilgan pullar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi «a» bandi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. G. S., mazkur jinoyat ishi bo‘yicha gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.