O‘zbekistonda eski va avariyaviy uylarni ta’mirlash, buzish va qayta qurish bilan bog‘liq renovatsiya dasturlarini tasdiqlash taklif etilmoqda. Bu haqdagi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qaror loyihasida 2021−2022 yillarda eskirgan ko‘p kvartirali uylarni ta’mirlash, shuningdek, avariya holatidagi ko‘p qavatli uylar o‘rnida bosqichma-bosqich yangi uy-joylar qurish bo‘yicha renovatsiya dasturlarini tasdiqlash taklif etilmoqda.

Jumladan, respublika bo‘yicha 260 ta eskirgan ko‘p qavatli uyni ta’mirlash mo‘ljallanayotgan bo‘lsa, 193 ta ko‘p qavatli uyni buzish va o‘rniga yangi uy-joylar qurish ko‘zda tutilmoqda.

Mazkur hujjat loyihasiga e’tibor qaratgan blogerlardan biri Bakirov o‘zining Telegram-kanalida ta’mirlash va buzib o‘rniga qurish uchun tanlangan ko‘p qavatli uylar qaysi tamoyillarga ko‘ra saralanganligi aytilmaganini ta’kidlab o‘tdi.

«Masalan, Uchtepa tumanida 2013 yilda qurilgan 12 qavatli uy ta’mirlash renovatsiyasiga tushgan (hujjat ilovasida tartib raqami noto‘g‘ri ko‘rsatilgan — tahr.). Buzish va qayta qurish orqali amalga oshiriladigan renovatsiya ro‘yxatiga ko‘proq shahar markazi va markaziy ko‘chalardagi ko‘p qavatli uylar tushgani e’tiborni tortadi. Masalan, poytaxtning qoq markazidagi Shevchenko, Mustaqillik va Niyozbek yo‘li ko‘chalaridan bir necha ko‘p qavatli uy avariyaviy deb topilib buziladigan ro‘yxatga qo‘shilgan», — deb yozadi bloger Bakirov.

Qaror loyihasi muhokamalari 13 sentyabrga qadar davom etadi.