2 sentyabr sanasida Butun Jahon Intellektual Mulk Tashkiloti va Kornel Universiteti tomonidan Global innovatsion indeks reytingining navbatdagi 2020 yil «Innovatsiyani kim moliyalashtiradi?» mavzusidagi 13 — soni nashrdan chiqdi. Har yili 24 iyul sanasida chop etilishi an’anaga aylangan nashr bu yilgi pandemiya ta’siri ostida kechiktirilgani ma’lum qilingan edi.

O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmatining qayd etishicha, O‘zbekiston so‘nggi marotaba 2015 yil ushbu xalqaro reytingda 140 dan ortiq davlatlar ichida 122-o‘rinni egallagani ma’lum. 2020 yilda O‘zbekiston 131 dan ortiq dunyo mamlakatlari ichida 93-o‘rinni egalladi.

2020 yilda 80 ta ko‘rsatkichdan iborat bo‘lgan Global innovatsion indeks reytingida O‘zbekiston dunyo mamlakatlari ichida Institutsional rivojlanish (Institutions), Inson kapitali va ilmiy tadqiqot faoliyati (Human capital & research), Infrastruktura (Infrastructure), Bilim va texnologiyalar natijadorligi (Knowledge & technology outputs) va Ijodiy natijadorlik (Creative outputs) kabi yo‘nalishlardagi indikatorlarda ijobiy natijalarga erishganini ko‘rish mumkin.

«Aniq fanlarda bitiruvchilar sonining ortishi (Graduates in science & engineering, %)», «Biznesni boshlash osonligi (Ease of starting a business)», «madaniy va ijodiy xizmatlar eksporti (Cultural & creative services exports, % total trade)»,"Ta’limda sarf etilayotgan mablag‘lar (Expenditure on education, % GDP)" kabi ko‘rsatkichlarda ijobiy natijalar bilan yetakchilik qilayotganini ko‘rish mumkin.

Global innovatsion indeks reytingda Shveysariya — 1-o‘rin, Rossiya — 47-o‘rin, Qozig‘iston — 77-o‘rin, Qirg‘iziston — 94-o‘rin, Tojikiston — 109-o‘rinni egallagan.

Ma’lumki, O‘zbekiston prezidentining PF-5544-sonli «2019−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiya to‘g‘risida"gi Farmonida asosiy vazifalardan biri etib 2030 yilga qadar respublikani Global innovatsion indeks baholash reytingida yetakchi 50 ta davlatlar qatoriga kiritilishi belgilangan.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tegishla davlat boshqaruv organlari va idoralari bilan yaqin hamkorlikda so‘ngi yillarda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish va Global innovatsion indeks reytingiga kiritilishini ta’minlashga qaratilgan salmoqli ishlarni amalga oshirdi. Jumladan,

Global innovatsion indeks xalqaro reytingi asoschilari va 15 dan ortiq xalqaro tashkilotlari bilan bir qator uchrashuvlar va muzokaralar olib borish orqali hozirgi kunga qadar O‘zbekistonning reytingga kiritilishi uchun to‘siq bo‘lib turgan muammolar o‘rganildi.

O‘zbekistonning Global innovatsion indeks reytingiga kiritilishi uchun taqdim etilmagan va eskirgan ma’lumotlar ro‘yhati yuqoridagi hamkorliklar natijasida shakllantirildi va belgilangan xalqaro talablar asosida taqdim etish masalalari xal etildi.

O‘zbekistonning Global innovatsion indeks reytingiga kiritilishi va mavjud muammolarni tizimli ijobiy xal etish maqsadida mahalliy va halqaro tashkilotlar bilan ko‘plab rasmiy uchrashuvlar o‘tkazildi. Xususan, 2019 yil 29−31 oktyabr kunlari «InnoWeek.uz 2019» innvatsion g‘oyalar haftaligi doirasida Butun Jahon Intelektual Mulk Tashkiloti rahbariyati, Elsevier vakillari va boshqa horijiy tashkilotlar ishtirokida «O‘zbekiston Respublikasini Global innovatsion indeks reytingidagi o‘rnini yaxshilash» mavzusida davra suhbati tashkil etilgan.

Global innovatsion indeks 15 ta xalqaro indekslar, 4 ta Jahon iqtisodiyot forumi (World Economic Forum) tomonidan olib boriladigan so‘rovnomalar va 61 ta ko‘rsatkichga tegishli miqdoriy statistik ma’lumotlar dan tashkil topgan. 2015 yil holati bo‘yicha o‘rganilganda, respublika ushbu reytingda 141 ta davlat ichida ma’lumotlarning yetarli darajada emasligi va mavjud statistik ma’lumotlarning eskirganligi bo‘yicha 4-o‘rinda deb topilganligini inobatga olgan xolda, O‘zbekistonning 2020 yilda ushbu reytingda aks etishi ham xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

Mamlakatdagi innovatsion faoliyatda tub ijobiy burilishlar xalqaro tashkilotlar tomonidan muntazam tarzda e’tirof etib kelinmoqda. Jumladan, Global innovatsion indeks nashrining bu yilgi sonida mamlakatimizning innovatsion faoliyatidagi o‘zgarishlariga to‘xtalib, so‘ngi yillardagi davomiy va tizimli islohotlarning natijasi O‘zbekistonning Global innovatsion indeksga 2020 yilda kiritilishi va O‘rta Osiyo va Janubiy Osiyo davlatlari ichida to‘rtinchi o‘rinda ekanligi ta’kidlangan.