O‘qishga qabul qilingan 1-bosqich talabalari mashg‘ulotlarni 2 oktyabrdan boshlashi rejalashtirilgan. Bu haqda Bugun AOKA huzuridagi shtabda bo‘lib o‘tgan brifingda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot kotibi Farhod Babashev ma’lum qildi.

Barcha oliy ta’lim muassasalarida 2−4 kurs talabalari uchun o‘qish masofaviy ta’lim shaklida 2 sentyabr kuni boshlandi. OO‘MTVning bu haqda tunda e’lon qilgani ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Biroq Farhod Babashev ushbu vaziyatga izoh berar ekan, o‘quv yilining boshlanish sanasi to‘g‘risida iyun oyida e’lon qilinganini eslatib o‘tdi.

Vazirlik matbuot kotibi akademik litseylarda ham 2 sentyabrdan rasman o‘qish masofaviy shaklda boshlanganini qo‘shimcha qildi. U akademik litseylarda ta’limni masofaviy yoki an’anaviy shaklda boshlash bo‘yicha ota-onalar o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazilganini qayd etib o‘tdi.

Joriy yil 7 — 14 sentyabr kunlari akademik litseylarning 1 kursiga qabul qilish bo‘yicha test sinovlari o‘tkazilib, natijalari e’lon qilinishi bilan ta’lim an’anaviy yoki masofaviy shaklda davom ettirilishi yuzasidan qo‘shimcha xabar beriladi.