Namanganlik vizual effektlar bo‘yicha rassom Shavkat Egamberdiyev Akfa (kompaniyalar guruhi, asosiy yo‘nalishlaridan biri alyumin profil ishlab chiqarish) va Artel (maishiy texnika ishlab chiqaruvchi yirik kompaniya) kompaniyalari, shuningdek, Toshkent hokimi Jaxongir Ortiqxo‘jayev haqidagi hajviy videoni tarmoqqa joyladi. Biroq keyin u videoni o‘chirib, o‘z ishi uchun kechirim so‘radi, va shuningdek Troll.uz sahifasini uni qiyin ahvolga solib qo‘yganlikda aybladi.

Bu qanday videolavha edi?

Foto: instagram.com/egamberdiev.sh

Videoda «6 sekund» deb yozilgan taksini va avtomashina orqa oynasida pushti rangdagi kalta paypoqni ko‘rish mumkin. Undan keyin video muallifi Shavkat Egamberdiyevning o‘zi, yelkasida konditsioner ko‘targan holda ko‘rinish beradi va cho‘ntagidan bir nechta dollar valyutalarini chiqarib, havoga sochib yuboradi. Sochilgan pullar CARTEL va BRAKFA yozuvlari aks ettirilgan ikkita bino tomon uchadi. Shuningdek, CARTEL binosinining pastida «lyubaya monopoliya xorosha» va «duxa net» shiorlari yozilgan. Banknotalar shamol parraklari tomon uchadi, boshqa tomondan esa maishiy texnika vostilari chiqadi. BRAKFA deb yozilgan bino tom qismida kostyum kiygan bitta erkak (taxminlarga ko‘ra, hokim Jaxongir Ortiqxo‘jayev) Gangnam Style uslubida raqsga tushmoqda. Butun videolavha «Afsona» filmining (Tom Xardi asosiy rolda) qahramoni tomonidan aytilgan iqtibos bilan davom etadi.

Videoning o‘chirilishi va uzr so‘rash

Videolavha 31 avgust kuni Troll.uz sahifasiga joylangan va ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqala boshlagan. Ertasi kuni Shavkat Egamberdiyev va Troll.uz sahifalaridagi video o‘chirib tashlangan, videolavha muallifi esa uzr so‘ragan holda videomurojaat yozgan. Uning aytishicha, videoga qoldirilgan barcha izohlarni o‘qib chiqqan va qattiq tushkunlikka tushgan.




«Bu video, bu qilgan ishim noto‘g‘riligini tushundim. Chuqur afsusdaman. Vijdonim qiynaldi», — dedi u.

Egamberdiyevning aytishicha, u grafist sifatida faoliyat olib boradi va har xil videokliplar va reklama roliklarini yaratish bilan shug‘ullanadi. Biroq koronavirus pandemiyasi va karantin choralari sababli buyurtmalar soni keskin kamaygan.

«Tirikchilik qilish kerak. Shunga Instagram dagi «podpischik"larimni ko‘paytiraman deb, «deshevыy xayp» qilaman deb Akfa va Artel, va shu jumladan Toshkent hokimi Jaxongir Ortiqxo‘jayevga qilingan videoroligim judayam katta xato bo‘ldi. Bundan, albatta, afsusdaman. Bir kun ichida 2000 ta «podpischik» qo‘shildi. Bu halol «podpischik» hisoblanmaydi», — dedi vizual effektlar bo‘yicha rassom.

Shavkat Egamberdiyev ta’kidlashicha, Troll.uz blogining muallifi videolavhani keng ommaga tarqatib yuborib, uni qiyin ahvolga solib qo‘ydi.

«Bu vaziyatdan Troll.uz foydalandi. U meni „podstava“ qildi desam ham bo‘ladi. Chunki judayam ko‘p odamlarga tarqalib ketdi. Bu kichkina, o‘zimiz uchun yaratilgan videorolik, qanaqadir katta masshtabga aylanib ketdi. Shuning uchun, Troll.uz dan noroziman. Umumiy aytganda, u qilgan ishimdan afsusdaman. Bu vatanparvarlikka kirmaydi. Uzr so‘rayman. Afsus», — dedi mutaxassis.

Videoda Shavkat Egamberdiyev bir necha bor ko‘zlarini pastga tushirganini ko‘rish mumkin — aftidan matnni o‘qish uchun.

Uzr so‘ralgan murojaat, shuningdek, Artel va Akfa Windows & Doors kompaniyalarining Facebook dagi rasmiy sahifalarida ham joylandi.


Troll.uz ning munosabati va tahdidlar ehtimoli

Troll.uz blogining muallifi Umid Gafurov ushbu vaziyatni izohladi va undan xafa emaslini aytdi.

«U kishining holatlarini to‘liq tushunaman va sizdan u kishiga nisbatan g‘azablanmasligingizni so‘rayman. Chunki, video chiqqanidan keyin ertasi kuni Shavkat menga Artel kompaniyasi vakillaridan tahdid kelayotganini aytdi. Ramziddin degan odam qo‘ng‘iroq qilib tahdid bildirgan va o‘zini Artel bosh direktori deb tanishtirgan (telefon raqami * 107000 bilan tugaydi). Video muallifidan videoda uzr so‘rashni olish talab qilingan. Men Shavkatdan bunday qilmaslikni so‘radim, chunki u hech narsada aybdor emas edi», — deb yozdi bloger.

Uning aytishicha, kompaniyaning vakili Toshkentdan Namanganga «Shavkat bilan suhbatlashish uchun» ketgan.

«Uchrashuv bugun soat 7 da bo‘lib o‘tishi kerak edi. Shavkat bilan telefonda gaplashdim, kechikyapti dedi. Yoningizda odam bormi deb so‘radim. Bor dedi. Soat 8 larda uchrashishdi shekilli. Shundan so‘ng, Shavkat qo‘ng‘iroqlarga va Telegram dagi xabarlarga javob bermadi. Keyin u menga „Men sizni hurmat qilaman, lekin majbur bo‘ldim“ deb yozdi», — dedi Umid Gafurov.

Bloger shuningdek, postida Troll.uz va Shavkat Egamberdiyevni «kir qidirishda» ayblagan Shuhrat Musayev degan bloger, Artel, Akfa kompaniyalari va hokim Jaxongir Ortiqxo‘jayevni himoya qilgan va Artel ishchilari uning postiga faol tarzda izohlar qoldirishgan.

«Menimcha, Shavkatdan mening barcha so‘zlarimni rad etishni va barcha yozishmalarni tozalashni so‘rashadi. Mendan ham ushbu xabarni olib tashlashimni „juda qattiq“ so‘rashsa kerak. Balki shunga majbur ham qilishar. Hozir hech narsaga kafolat berib bo‘lmaydi. Ammo, barchangiz bilasizki, Internetda nashr etilgan barcha narsalar u yerda abadiy qoladi», — ta’kidladi u.

Umid Gafurovning aytishicha, Shavkat Egamberdiyev undan bu holat yuzasidan hech narsa yuklamasligini iltimos qilgan.

«Shuning uchun barcha e’tirozlaringizni faqat o‘zimga bildiring. Shavkat Egamberdiyev juda iste’dodli montaj ustasi. Bundayn insonlarni qo‘llab-quvvatlash kerak. Aytgancha, bularning barchasi 1 sentyabrda sodir bo‘ldi. Barchangiz bayramingiz muborak bo‘lsin!» — deb yozdi Troll.uz muallifi.

Kurbanoff.net blogi muallifi vaziyatni Streyzand effektiga — «biror bir informatsiyaning ommaga tarqalib ketishini to‘xtatishga harakat qilib, uning yanada keng tarqalishiga sababchi bo‘lishi» (asosan internet orqali) kabi ijtimoiy fenomenga o‘xshatdi.

Artel izohi

Artel brendini rivojlantirish ishlari bo‘yicha rahbar Ramziddin Qo‘chqorov «Gazeta.uz» so‘roviga javoban dizaynerga tahdidlar qilinganligi va undan videoni Instagram dan o‘chirishni talab qilinganligi haqidagi versiya, bu shunchaki Troll.uz ning taxminlari ekanligini aytdi.

«Troll.uz ning fikrlari har doim ham to‘g‘ri va adolatli bo‘lavermaydi», — dedi u, Shavkat Egamberdiyevning o‘zidan unga qarshi tahdidlar bo‘lgan yoki bo‘lmaganligini aniqlashtirishni maslahat bergan holda.

«Gazeta.uz» Shavkat Egamberdiyev bilan bog‘lana olmadi.

Artel o‘zining rasmiy izohida kompaniyaning korxonalari, mintaqaviy sheriklari va kichik ishlab chiqarish ustaxonalari 40 mingdan ortiq odamni ish bilan ta’minlayotganligini ta’kidladi. Bu yil 3000 ga yaqin ish o‘rni yaratildi.

Korxonalarning mahsulotlari 10 dan ortiq mamlakatlarga eksport qilinmoqda. Bu yil hisobiga eksport hajmi 100 mln dollarni tashkil qilishi kutilmoqda. Yilning o‘tgan sakkiz oyida davlat byudjetiga 500 mlrd so‘mdan ortiq soliqlar to‘langan, deyiladi bayonotda.

«Bizning maqsadimiz yurtimizni dunyoning rivojlangan davlatlari qatoriga olib chiqishda o‘z mehnatimiz bilan ishtirok etish, yangi ish o‘rinlari yaratish orqali aholi bandligini ta’minlashdir. Xech kimga sir emaski, minglab fuqarolarimiz boshqa yurtlarda og‘ir sharoitlarda mehnat qilib, o‘z oilasini boqmoqda, farzandini yoshligini faqat telefon ekranlaridan tomosha qilishga, eng baxtli onlarini oilasidan uzoqda bo‘lishga, hattoki, ota-onasining so‘nggi kunlarida ularning yonidan uzoqda bo‘lishga majbur bo‘lmoqda. Shuning uchun, yurtimizda yaratilgan har bir ish o‘rni juda muhim va biz kelgusida ham yangi ish o‘rinlari yaratish o‘z maqsadimiz sari tinmasdan mehnat qilamiz», -ta’kidladi Artel.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, «ayrim hasadgo‘y shaxslar, bir martalik mashhurlik, zamonaviy tilda aytganda „xayp“ uchun noto‘g‘ri ma’lumotlarni kompaniya sha’ni va ishchanlik obro‘siga zarar keltiruvchi ma’lumotlarni tarqatayotgani, unda mehnat qilayotgan ko‘p sonli jamoasini g‘azabiga sabab bo‘ldi».

Artel ning fikricha, ba’zi odamlar so‘z erkinligini suistemol qilib, internet tarmoqlarida xohlagancha haqorat qilish, ma’lumotlarni tekshirmasdan tarqatish va shaxslarning obro‘siga zarar keltiruvchi ma’lumotlarni shu vaqtga qadar hech bir cheklovsiz tarqatib kelmokda.

«Biz so‘z erkinligini hurmat qilamiz, har qanday konstruktiv tanqidga tayyormiz va o‘z faoliyatimizda yo‘l qo‘yayotgan xatolarimizni tuzatishga, oldini olishga xarakat qilamiz. Ammo, zarar keltiruvchi ma’lumotlarni tarqatish holatlariga nisbatan qonun xujjatlarida belgilangan tartibda o‘z manfaatlarimizni himoya qilishga ham tayyormiz», — deyiladi xabarda.

Kompaniya hisoblashicha, Shavkat Egamberdiyev tomonidan joylashtirilgan video «kompaniyani obro‘sizlantiradigan, ishchanlik obro‘siga zarar yetkazadigan noto‘g‘ri ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan». Artel «internetdagi o‘zi hamda boshqa foydalanuvchilar tomonidan Telegram, Instagram va Facebook ijtimoiy tarmoqlarida tarqatgani holati bo‘yicha qonun xujjatlarida belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rish masalasi ko‘rib chiqmoqda».