Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, 5 sentyabrdan boshlab mamlakatda karantin talablari qisqartiriladi.

Qarorga ko‘ra, quyidagilarga ruxsat beriladi:

Umumiy ovqatlanish obyektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona) faoliyatiga. Bunda ushbu ob’ektlar quyidagi sanitariya talablariga rioya etishi talab etiladi:

  • banketlar va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslik;
  • stollar oralig‘idagi 2 metrdan kam bo‘lmagan ijtimoiy masofani ta’minlash;
  • bir stol atrofida 4 kishidan ko‘p bo‘lmagan (oila a’zolari bundan mustasno) mijozlarni joylashtirish;
  • xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi;
  • har bir mijozdan keyin stol va boshqa jihozlarning yuza qismini dezinfeksion vositalar bilan tozalash;
  • bino va xonalarga, shuningdek, havo aylantirish tizimiga zararsizlantirish anjomlarini (ultrabinafsha lampalar va b.) o‘rnatish.

Tomosha va madaniy-ko‘ngilochar ob’ektlar (faqatgina teatr va kinoteatr) faoliyatiga, quyidagi sanitariya talablariga rioya etgan holda:

  • ob’ektning havo aylantirish tizimiga zararsizlantirish anjomlarini (ultrabinafsha lampalar va b.) o‘rnatish;
  • tashrif buyuruvchilarni ijtimoiy masofani saqlagan holda joylashtirish hamda tibbiy niqobda bo‘lish (zarur hollarda tadbir 2 soatdan ziyod davom etganda niqobni bepul almashtirish);
  • ob’ektlarning kirish-chiqish joylarini pirometrlar, dezinfeksion “to‘shaklar”, antiseptik vositalari bilan jihozlash, ularga kirishda har bir tashrif buyuruvchilarning tana haroratini o‘lchab, 37 S va undan yuqori bo‘lgan yoxud infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan holatda kiritmaslik;
  • har bir seansdan keyin o‘rindiq va boshqa jihozlarning yuza qismini dezinfeksion vositalar bilan tozalash;
  • xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi.

Parklar va istirohat bog‘laridagi attraksionlar faoliyatiga. Bunda ushbu ob’ektlar quyidagi sanitariya qoidalariga rioya etishi talab etiladi:

  • tashrif buyuruvchilarni ijtimoiy masofani saqlagan holda navbatda turishini ta’minlash;
  • attraksionlarning yuza qismini har soatda yoki har bir foydalangandan so‘ng dezinfeksion vositalar bilan tozalash;
  • attraksiondan foydalanishda ijtimoiy masofani saqlash;
  • xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi;
  • bino va xonalarga, shuningdek, havo aylantirish tizimiga zararsizlantirish anjomlarini (ultrabinafsha lampalar va b.) o‘rnatish (yopiq binolardagi attraksionlar faoliyati uchun).

Bundan tashqari, 5 sentyabrdan boshlab yo‘nalishli taksida (“Damas” rusumli yengil avtomobillari bundan mustasno) yo‘lovchi tashish faoliyatiga ham ruxsat beriladi. Bunda:

  • yo‘nalishli taksi faoliyati davomida karantin qoidalariga rioya etgan holda har qatnovga chiqishdan oldin haydovchilarning tana harorati pirometrlarda o‘lchanib, 37S va undan yuqori bo‘lgan holatda ularning transport vositasini boshqarishiga yo‘l qo‘ymaslik, ularning tibbiy niqob va qo‘lqopda bo‘lishini ta’minlash;
  • yo‘nalishli taksida yo‘lovchilarning tibbiy niqobda bo‘lishini, tibbiy niqob bo‘lmagan holatda ularning transport vositasiga chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • transport vositasi doimiy ravishda har qatnovga chiqishdan oldin (shu jumladan, har bir o‘rindiqni) to‘liq dezinfeksiyadan o‘tkazilishini ta’minlash kerak bo‘ladi.

Ota-onalarning fikrlari va mahalliy deputatlar kengashlari takliflariga muvofiq sentyabr oyidan maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablarining an’anaviy va masofaviy shakldagi faoliyatiga ham ruxsat beriladi.

Bunda ushbu ob’ektlar quyidagi sanitariya talablariga rioya etishi talab etiladi:

  • xodimlar va bolalar (tarbiyalanuvchilar)ning sog‘lig‘i holatini doimiy nazorat qilish (tana haroratini muntazam o‘lchab borish), tana harorati 370S va undan yuqori bo‘lgan yoki infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan xodimlar va bolalar (tarbiyalanuvchilar)ni mashg‘ulotlar chetlatish;
  • xodimlar tibbiy niqobdan foydalanishi va ijtimoiy masofani saqlashi;
  • sanitariya-gigiyena va dezinfeksiya talablariga qat’iy rioya etish, bino xonalarni doimiy ravishda dezinfeksiya qilish, ularga kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “to‘shak"lar bilan jihozlash.

Oldinroq, 5 sentyabrdan boshlab juma namozlariga ruxsat berilishi haqida ham xabar berilgan edi.