Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Majmuadagi ramziy qabr yonida qatag‘on qurbonlari ruhlariga bag‘ishlab Qur’on tilovat qilindi. Keyin prezident shu yerda nuroniylar, ulamo va ziyolilar bilan muloqot bo‘ldi.

«Vatan fidoyilarini eslashimiz, ularning haqiga Qur’on o‘qishimiz yaxshi an’ana. Ma’rifatparvar bobolarimiz mustaqillik uchun, xalqimiz emin-erkin yashashi uchun kurashganini bilamiz. Oxirgi yillarda butun jamoatchiligimiz harakati bilan ularning nomlarini tiklash, muzeylarni yangi namunalar bilan to‘ldirish, ijod maktablari tashkil etish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinyapti. Bularning hammasi — odamlarga tarixiy adolatni, haqiqatni yetkazish uchun, xalqimiz u kunlarni bilishi va hech qachon unutmasligi, bugungi kunlarning qadriga yetishi uchun», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xabarda aytilishicha, 1937−53 yillarda O‘zbekistonda 100 ming odam qatag‘onga uchragan. Ularning 13 ming nafari shafqatsiz otib tashlangan. 1937−38 yillardagi katta qatag‘on davrida 7 mingga yaqin vatandoshlar otilgan.

«Bu insonlar haqiqiy yetakchilar, ilg‘or ziyolilar, adabiyot, madaniyat namoyandalari, boshqacha aytganda, millatimizning, xalqimizning eng sara vakillari edi. Tasavvur qiling, agar ular qatag‘on qilinmaganida Vatanimiz rivoji uchun, ilm-fan, iqtisodiyot, madaniyat va adabiyotimiz uchun qanday buyuk ishlar qilgan bo‘lar edi, xalqimizni oldinga boshlardi. Shu bilib turib qilingan. Bugun buni armon bilan eslaymiz», — dedi Prezident.

Davlat rahbari qatag‘onga uchragan ana shu 100 ming odamning har biri bo‘yicha izlanish, joylarga chiqib, qarindoshlari bilan uchrashib, nomlarini tiklash, qilgan ishlari haqida kitoblar chop etish, o‘zlari yashagan mahallalar va maktablarga nomlarini qo‘yib, xotirasini abadiylashtirish zarurligini ta’kidladi.

Marosimda koronavirusdan vafot etganlar xotirasiga bag‘ishlab ham Qur’on tilovat qilindi.

«O‘z yaqinlaridan judo bo‘lgan barcha oilalarga chuqur hamdardlik bildirib, sabr-toqat tilayman. Davolanayotgan bemorlarimizning dardiga shifo berishini Xudodan so‘raymiz. Olti oydan beri shu balo bilan kurashyapmiz. Bu kasallik yurtimizdan tezroq ketishini so‘rab duo qilamiz», — dedi davlat rahbari.