Farg‘ona viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Alisher Boboxo‘jayev Kun.uz nashriga bergan intervyusida So‘x tumanidan bo‘lgan bloger Haydarjon Boboxaydarovni (tahallusi Dadaxon Xaydarov) Farg‘onaga boshiga qop kiydirib olib kelinganini rad etdi.


Foto: Kun.uz.

Eslatib o‘tamiz, 1 iyun kuni Farg‘ona viloyat prokuraturasi So‘x tumanida Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida «Chashma» bulog‘idan foydalanish yuzasidan kelib chiqqan nizo va keyinchalik ushbu nizoni bartaraf etish maqsadida So‘x tumani Chashma qishlog‘iga yetib borgan mahalliy hokimiyat vakillari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ hodimlariga tartibbuzarlar tomonidan faol qarshilik ko‘rsatilib, ularga turli darajada shikastlar yetkazilgan holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 214-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) bo‘yicha jinoiy ish ochgan. Biroq ayblanuvchilarning hibsga olingani haqida faqat avgustga kelib ma’lum bo‘ldi.

Ta’kidlanishicha, tergov davomida jinoyat ishi bo‘yicha 6 nafar shaxsga nisbatan ushbu moddalar bilan ayb e’lon qilinib, ularga «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

29 avgust kuni Farg‘ona viloyati So‘x tumanidan bo‘lgan videobloger Dadaxon Haydarov 10 sutkaga qamoqqa olingani haqida habar bergandik. Blogerning otasi Sherali Eraliyev 22 avgustdan buyon uning qayerda ekanligini bilmasligini aytdi.

Bosh prokuraturaning xabarida ma’lum qilinishicha, bloger Jinoyat-protsessual kodeksining 226-moddasi (ushlab turish muddati) tartibida ushlangan. «Tergov davomida X.Boboxaydarovga protsessual huquq va majburiyatlari tushuntirilgan va himoya huquqi (advokat) ta’minlangan», — deya ta’kidlaydi Bosh prokuratura.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudining ajrimi bilan X.Boboxaydarovga hibs muddati 10 sutkaga uzaytirilgan, deya ma’lum qildi Alisher Boboxo‘jayev.

«Hozirda Haydarjon Bobohaydarovga ayb e’lon qilish bilan bog‘liq holatlar tekshirilmoqda. Ushbu masala tergov harakatlari davomida hal qilinadi», — dedi u.

Farg‘ona viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i gumonlanuvchining IIB xodimlari tomonidan boshiga qop kiydirib olib kelinganini rad etdi.

«Qop kiydirib olib kelingani haqiqat emas. Boboxaydarov Xaydarjon IIB xodimlari kuzatuvi ostida Farg‘onaga olib kelingan, haqiqattan. Olib kelingandan so‘ng, u bilan bog‘liq so‘roq qilish tergov harakatlari o‘tkazilgan, keyin gumon qilish tariqasida jalb qilingan ish bo‘yicha», — deya ta’kidladi Alisher Boboxo‘jayev.

Farg‘ona viloyat prokuraturasi vakilining bildirishicha, blogerning salomatligidan shikoyat kelib tushmagan.

Ma’lum bo‘lishicha, Haydarjon Bobohaydarov Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasining vaqtinchalik saqlash hibsxonasida saqlanmoqda. Hibsxonada kuzatuv kameralari o‘rnatilgan.


Foto: Kun.uz.

Haydarjon Bobohaydarovni huquqiy manfaatlarini himoya qilivchi advokat (ikkinchi tayinlangan advokat) Hamidaxon Abdunazarova blogerning yaqinlari bilan himoyaga oid shartnoma imzolagandan so‘ng, 29 avgust kuni viloyat IIB huzuridagi vaqtincha saqlash hibsxonasida bo‘lib, u bilan suhbatlashgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, himoyasi ostidagi shaxsga nisbatan to‘plangan dalillar yetarli emas va hozircha unga taqdim etilmagan.

Hamidaxon Abdunazarovaning ta’kidlashicha, u So‘x tumanidan IIB xodimlari kuzatuvi ostida Farg‘onaga olib kelinganida, viloyat prokuraturasiga tergov va sudga sanksiya chiqarishda ishtirok etmagan. U ish materiallari bilan tanishish paytida blogerga himoya huquqi berilganligini hamda uning oilasi ogohlantirilganini o‘rgangan.

Advokatning ma’lum qilishicha, Xaydarjon Boboxaydarov uning Farg‘onaga yetkazilishi bo‘yicha hech qanday shikoyat bildirmagan, faqat uning qo‘llari kishanga solingani uni shok holatiga keltirganini aytgan, bu esa inson uchun tabiiy reaksiyadir.

«U saqlash jarayonida unda biror tan jarohati yoki tazyiq o‘tkazish holati haqida umuman aytmadi. Hozir istasangizlar u yerga borib, ko‘rishimiz mumkin», — deya qayd etdi Hamidaxon Abdunazarova.

Avvalroq, blogerning otasi Sherali Eraliyev «Gazeta.uz» muhbiri bilan bo‘lgan suxbatda, o‘g‘li Xaydarjon Boboxaydarovni ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan IIBga olib ketishganini, keyin boshiga xalta kiygizib, vertolyotda olib ketishganini aytgandi. Advokat bu haqda so‘ramaganligini tan oldi va, o‘z o‘rnida, bloger ham bu haqda gapirmagan.

«Vertolyotda kelganligi aniq, qo‘liga kishan kiyilib kelinganini aytgan holos», — dedi blogerning advokati.

Advokat Xaydarjon Boboxaydarovning so‘zlariga tayanib, bloger chegaradagi mojaro paytida bo‘lmaganligini, faqat bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashuvda bo‘lganligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, uning viloyat hokimini almashtirish haqidagi so‘zlari huquqiy baho uchun asos bo‘lolmaydi.

«Gazeta.uz» yigitning otasi bilan yana gaplasha olmadi. Uning qarindoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, oila Haydarjon Boboxaydarov bilan hali ham bog‘lana olmagan.