30 avgust kuni Bosh prokuratura may oyida Farg‘ona viloyati So‘x tumanida sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizliklar va boshqa holatlar yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha “fuqaro Xaydarjon Boboxaydarov (bloger)"ni gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinganini ma’lum qildi.

Avvalroq xabar berganimizdek, 1 iyun kuni Farg‘ona viloyat prokuraturasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 214-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) bo‘yicha jinoiy ish ochgan. Biroq ayblanuvchilarning hibsga olingani haqida faqat avgustga kelib ma’lum bo‘ldi. Ta’kidlanishicha, tergov davomida jinoyat ishi bo‘yicha 6 nafar shaxsga nisbatan ushbu moddalar bilan ayb e’lon qilinib, ularga “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

29 avgust kuni Farg‘ona viloyati So‘x tumanidan bo‘lgan videobloger Dadaxon Haydarov 10 sutkaga qamoqqa olingani haqida habar bergandik. Blogerning otasi Sherali Eraliyev 22 avgustdan buyon uning qayerda ekanligini bilmasligini aytdi. Dadaxon Xaydarov — Xaydarjon Boboxaydarovning tahallusi.

Bosh prokuraturaning xabarida ma’lum qilinishicha, bloger JPKning 226-moddasi (ushlab turish muddati) tartibida ushlangan. “Tergov davomida X.Boboxaydarovga protsessual huquq va majburiyatlari tushuntirilgan va himoya huquqi (advokat) ta’minlangan”, — deya ta’kidlaydi Bosh prokuratura.

“Ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi”, — deya ta’kidlanadi xabarda.

Jinoyat-protsessual kodeksining 226-moddasiga ko‘ra, ushlab turish muddati ushlangan ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilgan paytdan e’tiboran ko‘pi bilan 48 soatni tashkil etadi. Surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan zarur va yetarli asoslar taqdim etilganda ushlab turish sudning qarori bilan qo‘shimcha ravishda qirq sakkiz soatga uzaytirilishi mumkin.

Ushlab turish muddati tugagunga qadar va asoslar mavjud bo‘lganda shaxs ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinishi, unga ayb e’lon qilinishi, JPKning 109 — 112-moddalaridagi qoidalar bo‘yicha so‘roq qilinishi va 236 — 240-moddalari qoidalariga amal qilgan holda ehtiyot chorasini tanlash haqidagi masala hal qilinishi zarur.

Alohida hollarda, ushlab turilgan gumon qilinuvchiga nisbatan sud tomonidan qamoqqa olish, uy qamog‘i yoki garov tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilishi mumkin. Bunda gumon qilinuvchiga u ushlangan kundan e’tiboran o‘n kun ichida ayblov e’lon qilinishi kerak. Aks holda ehtiyot chorasi bekor qilinadi va shaxs qamoqdan yoki uy qamog‘idan ozod etiladi, garov esa garovga qo‘yuvchiga qaytariladi. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilganidan keyin va ushlab turishning butun muddati mobaynida ishni yuritish o‘ziga taalluqli bo‘lgan surishtiruvchi va tergovchi jinoyatni sodir etish holatlarini aniqlash, ushlab turishning asosli ekanligini tekshirish uchun o‘z vakolatlari doirasida tergov harakatlari o‘tkazishi mumkin.