28 avgust kuni Ilon Mask Neuralink texnologiyasining ommaviy taqdimotini o‘tkazdi. Taqdimot davomida u neyro interfeysning qayta ishlangan versiyasini taqdim etdi, savollarga javob berdi va ikkita cho‘chqada sinov natijalarini ko‘rsatdi — ular muvaffaqiyatli chiplangan va miya faoliyati o‘rganib chiqilgan.

Maskning so‘zlariga ko‘ra, Neuralink birinchi navbatda falaj, demensiya va Alsgeymer kabi kasalliklarni davolashga mo‘ljallangan. Taqdimot sarmoya yig‘ish emas, balki loyihada ishlash uchun iste’dodli odamlarni topishga qaratilgan, deya ta’kidlaydi Mask.

Milliarder Neuralink ning yangi versiyasini boshqa neyrointerfeyslar va avvalgi prototip bilan taqqosladi — unga ko‘ra, eski versiyadagi quloq orqasida joylashgan uzatgich juda noqulay bo‘lgan.

Neuralink arxitekturasi. Avvalgi (chap tarafda) va hozirgi (o‘ng tarafda) holat. Foto: VC.ru

Endi barcha elektronika 23×8 millimetrlik Link nomli chipda joylashgan.

Link chipi.

Link teri ostiga o‘rnatilib, bosh suyagi orqali miyaga iplar bilan bog‘lanadi. Chip implantatsiyadan so‘ng butunlay yashiringan va egasi tomonidan sezilmaydi. Shuningdek, u bosh suyagi bilan birlashadi va tashqaridan qaraganda ko‘rinmaydi.

  • Yangi chip barcha oldingi neyrointerfeyslar modellariga qaraganda ancha funksional va samaraliroq. Masalan, u musiqa uzatishi va Bluetooth orqali ulanib, turli xil qurilmalar bilan ishlashi mumkin.
  • Neyronlardan ma’lumot uzatish uchun mo‘ljallangan elektrodlar soni 3072 dan 1024 gacha kamaydi.
  • Miyaning faolligini o‘qish chip ichida sodir bo‘ladi va ma’lumotlar almashuvi simsiz amalga oshiriladi. Bundan tashqari, Neuralink boshqaruvi uchun mobil dastur ishlab chiqiladi va uning ta’sir etish radiusi 10 metrgacha bo‘lishi kutilmoqda.
  • Jamoaning asosiy vazifasi — o‘nlab yillar davomida tanazzulga uchramasdan ishlay oladigan, bardoshli qurilmani yaratish.

Qurilma kun davomida quvvatlanishsiz ishlaydi. Quvvatlanish uyqu vaqtida magnit quvvatlagich orqali amalga oshiriladi.

Chipni to‘liq avtomatik tarzda robot-xirurg o‘rnatadi — u bosh suyakda kichik teshik ochadi va Linkni miyaga moslashuvchan iplar orqali ulaydi.

Maskning ta’kidlashicha, operatsiya bir soat ichida amalga oshiriladi va anesteziya qo‘llanilmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hech qanday xavf yo‘q, to‘qima va asab tizimiga zarar yetmaydi. Shu kuni klinikadan chiqib ketish ham mumkin bo‘ladi.

Mask namoyishdan ikki oy oldin muvaffaqiyatli chiplangan ikkita cho‘chqada qurilma qanday ishlashini ko‘rsatdi.

Implantatsiyani olib tashlash asab tizimining funksiyalariga ta’sir qilmaydi: cho‘chqalarning birida chip olib tashlangan va u o‘zini yaxshi his qilmoqda. Shuning uchun istalgan kishi Neuralinkni o‘z sog‘lig‘iga zarar bermasdan olib tashlashi yoki yangi modeliga yangilashi mumkin.

Taqdimotda jonivorlarning miya faoliyati ko‘rsatkichlari namoyish etildi: chip hayvon miyasining taktil markazining faoliyatini kuzatib bordi va cho‘chqa burnining buyumlarga tegishiga reaksiya ko‘rsatdi.

Hozirga qadar Mask faqat miya signallarini o‘qish funksiyasini namoyish etdi, ammo kelajakda Neuralink ushbu qurilma nafaqat o‘qish, balki terapevtik maqsadlarda ma’lumotlarni yozib borishni rejalashtirmoqda.