Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash yuzasidan respublika maxsus komissiya pandemiya bilan bog‘liq vaziyat sababli Mustaqillik bayramini uyda o‘tkazishga chaqirdi.

«Pandemiya bilan bog‘liq vaziyat bu yil joylarda katta yig‘in va ommaviy sayillar o‘tkazishni, shuningdek, bog‘ va ko‘ngilochar maydonchalarda konsert dasturlari tashkil etishni, Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida mushakbozliklarni cheklashni talab qilmoqda. Shuning uchun ushbu ulug‘ sanani ko‘proq oila davrasida nishonlashni tashkil etish maqsadga muvofiq, degan qarorga keldik», — deyiladi maxsus komissiya murojaatida.

Shuningdek, murojaatda O‘zbekistonda koronavirus yuqtirgan jami 40 mingdan oshiq fuqarodan 38 mingga yaqini (93 foiz) sog‘aygani va 2700 dan ziyod bemorni davolash va oilasi bag‘riga qaytarish choralari ko‘rilayotgani haqida aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, Mustaqillik bayrami arafasida 3 kun davomida (30−31 avgust va 1 sentyabr) dam olish kunlari deb e’lon qilingan.