2019 yilning ikkinchi yarmi va joriy yilning o‘tgan davrida respublikada korrupsiyaga moyil 213 nafar, jumladan 50 dan ortiq rahbar xodim tizimdan bo‘shatildi. Jinoyatga qo‘l urgan 31 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haq O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshevning «Xalq so‘zi» gazetasida e’lon qilingan maqolasida so‘z boradi.

O‘tgan davr mobaynida tadbirkorlar huquqlariga rioya etmagan 925 nafar mansabdor shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortildi, 514 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Investitsiya dasturiga kiritilgan 1400 taga yaqin qurilish loyihasi qayta ekspertizadan o‘tkazilib, 1,5 trln so‘m byudjet mablag‘lari iqtisod qilinishi ta’minlandi.

Qurilishga ajratilgan byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 78 mlrd so‘m talon-toroj qilinganligi aniqlanib, 320 nafardan ortiq aybdor shaxs jazoga tortildi.

Nazorat tadbirlarida 22 mlrd so‘mlik don, 63 mlrd so‘mlik paxta xom-ashyosi, 3 mlrd so‘mlik mineral o‘g‘it, irrigatsiya tadbirlari uchun ajratilgan 1,7 mlrd so‘m miqdordagi byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinganligi aniqlanib, qonuniy choralar ko‘rildi.

Shuningdek, nazorat tadbirlari davomida 136 ta holatda 16 mlrd so‘mdan ortiq ish haqi, nafaqa va ularga tenglashtirilgan to‘lovlar uchun ajratilgan byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi. Qo‘pol qonunbuzilish holatlari yuzasidan 136 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 5 mlrd so‘mlikdan ortiq yetkazilgan zararlar ixtiyoriy qoplandi, sudlarga qiymati 19 mlrd so‘mlikdan ziyod 4 mingga yaqin da’vo arizalari kiritildi va qariyb 14 mlrd so‘m undirildi.

Bundan tashqari, Majburiy ijro byurosi organlari sa’y-harakatlari bilan foydalanilgan energiya resurslari uchun 2018 yilga nisbatan 2019 yilda 9 trln so‘m yoki 32 foizga ko‘p mablag‘ undirilib, bu ko‘rsatkich 37 trln so‘mni tashkil qildi. Tabiiy gazdan foydalanishdagi 41 mlrd so‘mlik talon-torojliklar aniqlanib, 33 mlrd. so‘mi, qariyb 2 mln ta ijro hujjati bo‘yicha davlat foydasiga 7,3 trln so‘m undirildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan yashirin iqtisodiyotga chek qo‘yish, byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinishining oldini olish choralari ko‘rildi. Hamkor tuzilmalar bilan olib borilgan ishlar natijasida 2019 yilning 2-yarmi va joriy yilning o‘tgan davrida 2400 tadan ziyod ma’muriy huquqbuzarlik va 3400 taga yaqin jinoyat fosh etildi. Xususan, 357 ta soliqdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq jinoyatlar aniqlanib, jami 1,662 trln so‘m qo‘shimcha soliq hisoblandi va 623,7 mlrd so‘mi byudjetga undirildi, deyiladi maqolada.