Jahon banki dunyo mamlakatlarida biznes yuritish yengilligi bo‘yicha yillik Doing Business reytingini 2018 va 2020 yilgi hisobotlarda ma’lumotlar o‘zgarishi bilan bog‘liq nomuvofiqliklar to‘g‘risidagi xabarlar sababli nashr etishni to‘xtatdi, deya xabar beriladi tashkilot rasmiy saytida.

«Ma’lumotlardagi o‘zgarishlar Doing Business metodologiyasiga mos kelmadi», — deyiladi xabarda.

Tashkilot so‘nggi besh yillik hisobot ma’lumotlarini qayta ko‘rib chiqmoqchiligini hamda ushbu tekshiruv Jahon bankining mustaqil ichki audit guruhiga topshirilganini ma’lum qildi. Shu bois, reytingning nashr etilishi tekshiruv muddati davomida to‘xtatiladi.

«Biz olingan natijalarga qarab buzilishlardan eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakatlarning ma’lumotlarini retrospektiv usulda to‘g‘rilaymiz», — deya va’da qilindi bankning rahbariyati tomonidan.

Ma’lumot uchun, Jahon banki nashr etadigan Doing Business reytingi — bu kichik va o‘rta biznesning ishbilarmonlik faolligini yaxshilaydigan yoki cheklaydigan qonunchilikni baholaydigan yillik hisobot. Reytingning birinchi hisoboti 2003 yilda nashr etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil yakunlariga asosan O‘zbekiston Doing Business reytingida dunyo bo‘ylab 190 baholangan davlatdan 69-o‘rinni egallagan edi. 2018 yil iyul oyida esa prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatning Doing Business reytingida mavqeini yaxshilash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Unda 2022 yilga qadar mamlakatda tadbirkorlik uchun reytingning yuqori yigirmatalik darajasiga mos sharoitlar yaratish vazifasi qo‘yilgan.