28 avgust kuni Buxoro viloyati hokimligi majlislar zalida faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, unda viloyat hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda prezident Administratsiyasi rahbari Z.Nizomiddinov, viloyat hokimi o‘rinbosarlari, shahar va tumanlar hokimlari, xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari, Oliy Majlis Senati a’zolari va boshqalar ishtirok etgan.

Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. Ayni paytda Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘alchilikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borayotgan Farhod Umarov Buxoro viloyati hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlanganligi to‘g‘risidagi prezident farmoni o‘qib eshittirildi.

Oldinroq, Buxoro viloyati hokimining vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov koronavirus bilan kasallanib, vafot etgan edi.