O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni “Bo‘stonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish orqali turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” farmonni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Hujjatning boshida qayd etilishicha, yaratilgan imkoniyatlarga qaramasdan Toshkent viloyatida mavjud turizm salohiyatidan yetarli darajada foydalanilmagan, turistik infratuzilmani rivojlantirish borasidagi ishlar talab darajasida tashkil etilmagan, xizmat ko‘rsatish sohasida rivojlangan mamlakatlar darajasidan kam bo‘lmagan salohiyatga ega bo‘lsada, bugungi kunga kelib tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar yetarli darajada emas hamda o‘z yechimini topmagan bir qator muammolar mavjud. Xususan:

birinchidan, tumanda mahalliy boshqaruv tizimidagi muammolar sababli, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, ularning turmush sharoitini yaxshilash borasida manzilli ishlar yo‘lga qo‘yilmagan;

ikkinchidan, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, shu jumladan, yo‘l, ichimlik va oqova suv tizimi, elektr tarmog‘i infratuzilmalari eskirgan va talab darajasida emas, axborot-telekommunikatsiya tarmoqlari yetarli darajada tashkil etilmagan;

uchinchidan, tumanning bosh rejasi, batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish yakuniga yetkazilmaganligi sababli noqonuniy qurilishlarning oldini olish borasidagi ishlar talab darajasida amalga oshirilmagan;

to‘rtinchidan, tumanning asosiy qismi dam olish rekreatsion hudud bo‘lishiga qaramasdan, chiqindilarni qayta ishlash, atrof-muhit va tabiiy resurslarni muhofaza qilish holati qoniqarsiz darajaga kelib qolgan.

Shu bois, Bo‘stonliq tumanining turistik yo‘nalishdagi raqobatdosh ustunliklaridan samarali foydalanish, hududning ixtisoslashuvini aniq belgilash, turistik, muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish, investitsiya muhitini tubdan yaxshilash orqali aholi bandligini ta’minlash uchun 2022 yil 31 dekabrga qadar Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida alohida ma’muriy-boshqaruv tizimi joriy qilinadi.

Bunda, bosh vazir o‘rinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi (hozirda ushbu lavozimni Aziz Abduxakimov egallab kelmoqda) bir vaqtning o‘zida “Chorvoq” erkin turistik zonasi direksiyasi direktori lavozimini egallaydi, shuningdek, Bo‘stonliq tumani hokimligi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.

Shu bilan birga, bosh vazir o‘rinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisiga quyidagi vazifalar yuklatildi:

  • tuman hokimi va uning o‘rinbosarlari, shuningdek, davlat boshqaruvi organlarining tuman bo‘linmalari rahbarlarini lavozimiga tayinlash va lavozimidan ozod etish bo‘yicha taklif kiritadi;
  • tuman hokimligi boshqaruv apparati va davlat boshqaruvi organlari tuman bo‘linmalarining tuzilmalariga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
  • prezident va Vazirlar Mahkamasining qaror va topshiriqlarini tumanda mas’ul tashkilotlar tomonidan o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishini nazorat qiladi, shuningdek, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ul tashkilotlar rahbarlariga nisbatan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan choralar ko‘rish bo‘yicha taklif kiritadi.

Farmon bilan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat asosida tumanda joylashgan aholining dam olish va salomatligini tiklash bilan bog‘liq davlat mulki ob’ekti bo‘lgan dam olish uylari, pansionatlar, sanatoriylar va boshqa ob’ektlar, shuningdek, turistik infratuzilmani yaratish imkoniyati bo‘lgan yer uchastkalari Direksiyaga keyinchalik samarali foydalanish va (yoki) realizatsiya qilish uchun o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

“Chorvoq” erkin turistik zonasi (keyingi o‘rinlarda — erkin turistik zona) hududida joylashgan hamda Direksiyaga o‘tkazilgan davlat mulki ob’ektlari va yer uchastkalarini realizatsiya qilish Direksiyaning qaroriga asosan elektron onlayn-auksion orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, erkin turistik zona hududida joylashgan yer uchastkalari yer fondini bir toifadan boshqasiga o‘zgartirish, uni turistik infratuzilmani rivojlantirish uchun ajratish erkin turistik zona Ma’muriy kengashining qaroriga asosan amalga oshiriladi. Bunda, yer uchastkalari egalariga Toshkent viloyatining boshqa hududlaridan faoliyat turiga mos yer uchastkasi va yetkazilgan zararni qoplash nazarda tutiladi.

Tumanda joylashgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini yuritish uchun elektron onlayn auksion orqali sotuvga qo‘yish Direksiya qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

Farmonda qayd etilishicha, erkin turistik zona hududida investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun yer uchastkasini sotib olgan investorlarga yer uchastkasiga bo‘lgan egalik huquqlari istisno tariqasida Toshkent viloyati hokimining alohida qarori qabul qilinmasdan rasmiylashtiriladi. Shu qatori, tumanda (erkin turistik zona hududida joylashgan yer uchastkalari bundan mustasno), shu jumladan, o‘rmon fondi yerlarida yer uchastkalarini ajratish, ko‘chmas mulkni buzish, muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmani qurish bilan bog‘liq qarorlar Direksiya bilan majburiy tarzda kelishiladi.

Tuman hokimi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi, tuman prokuraturasi, ichki ishlar va soliq bo‘linmalarining rahbarlari esa maqomi, shu jumladan, mehnatga haq to‘lash shartlari bo‘yicha tegishlicha ushbu davlat organlarining respublika darajasidagi rahbarlari o‘rinbosarlariga tenglashtirilishi belgilandi.

Direksiya direktoriga quyidagi vakolatlar beriladi:

  • xorijiy investorlar, xalqaro moliya institutlari bilan investitsiya, kredit, moliyaviy yordam va grantlar jalb etish bo‘yicha kelishuvlar (memorandum, shartnomalar) tuzish;
  • tumanda joylashgan yer uchastkalari va davlat mulki ob’ektlarini realizatsiya qilish bo‘yicha qarorlar qabul qilish;
  • hududda joylashgan davlat mulki ob’ektlarini garovga qo‘yish orqali kreditlar olish va jalb qilish;
  • o‘ziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida nufuzli konsalting kompaniyalari, hududda barpo etilayotgan yirik ob’ektlarni loyihalash va qurilish ishlariga nufuzli xorijiy loyiha va pudrat kompaniyalar hamda malakali ekspertlarni jalb qilish;
  • ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida erkin turistik zona hududida yashil zonalarni tashkil qilish, ayrim hududlarda esa tabiatga zarar keltiradigan xo‘jalik faoliyatini, shu jumladan, chorvachilik, dehqonchilik, yangi sanoat va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini barpo etish taqiqlangan zonalarni belgilash;
  • aholiga va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan ayrim davlat xizmatlarini autsorsing tizimi asosida tashkil etish;
  • aholining dam olish va salomatligini tiklash bilan bog‘liq davlat mulki ob’ektlari bo‘lgan dam olish uylari, pansionatlar, sanatoriylar va boshqa ob’ektlarni ishonchli boshqaruv shartnomasi asosida boshqaruv kompaniyalariga berish.

Prezident farmoni bilan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Tog‘li va olis hududlarda turistik infratuzilmani rivojlantirish jamg‘armasi ham tashkil etililishi nazarda tutilgan. Buning uchun, jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:

  • tumanning turistik infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan birinchi bosqichda ajratiladigan 20 million AQSH dollari miqdoridagi kredit. Bunda, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan ikkinchi bosqichda kredit ajratilishi mazkur Farmon bilan belgilangan vazifalar to‘liq bajarilgan va aniq natijalarga erishilgandan so‘ng amalga oshiriladi;
  • tuman hududida joylashgan davlat mulki ob’ektlari hamda yer uchastkalarini realizatsiya qilishdan tushadigan mablag‘lar (savdoga chiqarish va sotish bilan bog‘liq xarajatlardan tashqari);
  • Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
  • xalqaro moliya institutlari va xorijiy moliya tashkilotlari mablag‘lari;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
  • qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;

Shuningdek, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi krediti Direksiyaga 20 yil муддатга, shu jumladan, 5 yillik imtiyozli даврни hisobga olgan holda, yillik foiz stavkasi 6 oylik LIBOR+3 foizда ajratilishi belgilangan.

1 sentyabrdan boshlab tumanda litsenziya va ruxsatnoma berishdan, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va ma’muriy huquqbuzarliklar uchun jarimadan respublika va viloyat mahalliy byudjetiga tushadigan mablag‘lar va bojlar to‘liqligicha tuman mahalliy byudjetiga va tuman hududida joylashgan davlat mulki ob’ektlarini realizatsiya qilishdan tushadigan mablag‘lar (baholash va xususiylashtirish tadbirlarini amalga oshirish xarajatlaridan tashqari), shuningdek, yer uchastkalarini realizatsiya qilishdan tushadigan mablag‘lar to‘liq Jamg‘armaga yo‘naltirilish tartibi o‘rnatiladi.

Tumanning o‘ziga xos turistik qiyofasini yaratish va aholi turar joylarini zamonaviy infratuzilma asosida qayta barpo etish maqsadida mazkur hududda joylashgan aholi turar joylarini rekonstruksiya qilish (bino tashqi fasadi va tomlarini o‘zgartirish, qayta qurish, turizm xizmatlarini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunlar, mebel va inventarlar bilan jihozlash) uchun kreditlar, shu jumladan, O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari hisobidan ajratiladi.

Alohida ma’muriy-boshqaruv tizimi davrida tuman hokimligi faoliyatining samaradorligi quyidagi asosiy ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oladi:

  • aholi bandligi va daromadlarini oshirish;
  • ilg‘or xorijiy tajribaga asoslangan zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish;
  • ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish, shu jumladan, ta’mirtalab ta’lim, tibbiyot tashkilotlarini zarur anjomlar, buyumlar, aloqa va kommunikatsiya vositalari bilan ta’minlash;
  • tuman iqtisodiyotiga investitsiyalarni, xususan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ulushi hamda mahsulotlar (xizmatlar) eksportini oshirish;
  • tadbirkorlikni rivojlantirish orqali mahalliy byudjetning daromadini ko‘paytirish, “xufiyona iqtisodiyot” ulushini kamaytirish;
  • yo‘l-transport, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish, jumladan, ichimlik va oqova suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda axborot-telekommunikatsiya xizmatlari sifatini oshirish;
  • ekologiya va atrof-muhitni yaxshilash, shu jumladan, chiqindilarni zamonaviy utilizatsiya qilish tizimini yo‘lga qo‘yish.

Tuman hokimligining ustuvor vazifalari qatoriga tumanning turistik salohiyatini rivojlantirishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol joriy etish, turistik infratuzilmani rivojlantirish hamda maqbul va qulay turizm muhitini yaratish, tashrif buyurgan turistlarning xavfsizligi va salomatligini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda yangi zamonaviy energiya tejovchi tizimlar va texnologiyalarni sinov tariqasida joriy qilish asosida o‘ziga xos ekologik tizimni yaratish va boshqa vazifalar.

Farmonga binoan tumanda turizmni rivojlantirishga qaratilgan yetakchi xorijiy mamlakatlar, jumladan, Turkiya, Fransiya, Ispaniya, Shveysariya, Yaponiya va Koreya Respublikasi kabi mamlakatlardan mutaxassislarni jalb qilish ahamiyati bildirilgan.

Mazkur hujjatda belgilab berilgan vazifalarni to‘liq amalga oshirish uchun 1 dekabrga qadar mamlakat bosh vaziriga tumanda mutlaqo yangi o‘zini o‘zi boshqarish tizimini joriy etish yuzasidan takliflar kiritish topshirig‘i berilgan.

Tumanda amalga oshiriladigan islohotlarni muvofiqlashtirish maqsadida Sport va turizmni rivojlantirish masalalari kotibiyati tarkibida Tog‘li va olis hududlarda turistik infratuzilmani rivojlantirish sho‘'basi tashkil qilinadi.

Shu bilan bir qatorda, Bosh prokuratura tizimida Tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat hamda yerlardan noqonuniy foydalanishni bartaraf etish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan prokuratura tashkil etiladi.

Farmon bilan belgilanishicha, tuman hududida atrof-muhitni ifloslantiradigan zararli sanoat korxonalarini barpo etish qat’iyan man etiladi.

2021 yil 1 fevralga qadar mahalliy va xorijiy loyiha institutlarini, shuningdek, maslahatchilarni jalb qilgan holda tuman hududining batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklatilib, buning uchun Tog‘li va olis hududlarda turistik infratuzilmani rivojlantirish jamg‘armasiga 10 mlrd сўмгача bo‘lgan mablag‘lar ajratilishini ta’minlanishi qayd etilgan.

Yil yakuniga qadar “Oksok ota” va “Nurek ota” daryolari atroflari bo‘ylab turistik ob’ektlarni barpo etish maqsadida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, shu jumladan, yo‘l, ichimlik va oqova suv tizimi, elektr va aloqa tarmog‘i infratuzilmasini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga topshiriq berildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining departamenti boshlig‘i bo‘lib ishlab kelayotgan Jo‘rabek Ahmedov Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hokimi lavozimiga tayinlangani haqida xabar bergan edik.