O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 113 nafar fuqaro afv etildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ushbu shaxslar O‘zbekiston mustaqilligining 29 yilligi arafasida afv etilib, ozodlikka chiqmoqdalar.

Farmonga ko‘ra, afv etilgan shaxslarning 5 nafari asosiy jazodan ozod etildi, 53 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 15 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 40 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Qayd etilishicha, afv etilganlarning 1 nafarini 60 yoshdan oshgan erkak, 2 nafarini chet davlat fuqarolari, 105 nafarini taqiqlangan tashkilotlar ishtirokchilari tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning o‘zida Ramazon hayiti munosabati 258 fuqaro, Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan 83 nafar ayol hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan jazo muddatini o‘tayotgan 58 nafar fuqaro afv etildi.

2019 yili O‘zbekiston mustaqilligining 28 yilligi arafasida esa 65 nafar fuqaro afv etilgan edi.