Amaldagi Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon nomzodi mamlakatning navbatdagi prezidentlik saylovlariga ilgari surildi. Bu haqdagi tegishli qaror Tojikiston Erkin kasabalar uyushmasi federatsiyasi yig‘ilishida qabul qilindi, deya xabar berdi ASIA-Plus nashri.

Qayd etilishicha, shu kunga qadar Mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasi va mamlakatdagi yettita siyosiy partiyadan to‘rttasi prezidentlikka o‘z nomzodlarini ko‘rsatdilar.

Bunda Rustam Latifzoda Agrar partiyasidan, Abduxalim Gafforov Sotsialistik partiyadan nomzod sifatida ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, o‘zining yetakchisi Saidjafara Usmonzodani Tojikiston Demokratik partiyasi ham ilgari surdi. Iqtisodiy islohotlar partiyasi esa prezidentlik saylovlariga o‘z nomzodi sifatida Rustam Raxmatzodani (Kudratov) ko‘rsatdi.

Shuningdek, Tojikiston Kommunistik partiyasi va parlamentda ko‘pchilikka ega Xalq-Demokratik partiyalari Markaziy saylov komissiyasiga o‘z nomzodlarini hali ko‘rsatishgani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, 11 oktyabr kuni Tojikistonda prezident saylovlari kuni deb e’lon qilingandi. Tojikistonda oxirgi prezident saylovlari 2013 yili bo‘lib o‘tgandi. Unda Emomali Rahmon 83,92% ovoz yig‘ib, Tojikiston prezidenti lavozimiga to‘rtinchi marta qayta saylangandi.

Ma’lumot uchun, Tojikiston Konstitutsiyasining 65-moddasiga asosan davlat rahbari yashirin ovoz berish orqali umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida 7 yil muddatga saylanadi. Xuddi shu moddaga binoan, bitta shaxs ketma-ket ikki muddatdan ko‘p Tojikiston prezidenti bo‘lishi mumkin emas.

Shu bilan birga, 2016 yilda mamlkatda o‘tkazilgan konstitutsion referendum natijalariga ko‘ra, ushbu moddaga istisno holati kiritilgan. Ya’ni, «Tinchlik va milliy birlik asoschisi — Millat yetakchisi» rasmiy davlat unvoniniga ega amaldagi davlat rahbari Emomali Rahmon cheksiz marta prezidentlikka saylanishi mumkin. U ushbu lavozimni 1994 yildan beri egallab kelmoqda.

Shuningdek, Konstitutsiyaga muvofiq faqatgina 30 yoshga to‘lgan, oliy ma’lumotli, tojik tilini biladigan, ilgari sudlanmagan, diniy tashkilotlar va birlashmalarga mansub bo‘lmagan, saylovlar o‘tkazilishidan oldin kamida o‘n yil davomida mamlakat hududida doimiy yashab kelgan Tojikiston fuqarosi prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatga kiritilishi mumkin.