27 avgust kuni Geologiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi bo‘yicha taqdimot davomida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda yangi geologiya tizimi yaratilayotganini aytib o‘tdi.

«O‘zbekistonda yangi geologiya tizimi yaratilmoqda. Uni rivojlantirishdan maqsad — tabiiy resurslarni xalqimiz manfaatiga yo‘naltirish, ish joylari tashkil etib, odamlarni boy qilish», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Birinchi navbatda geologik ilm-fanni tiklash va zamonaviy kadrlar tayyorlashga zamin yaratilgani aytildi. Bunda, xususan, Geologiya fanlari universiteti tashkil etilishi va uning tarkibiga 4 ta ilmiy-tadqiqot instituti birlashtirilishi katta ahamiyatga ega bo‘lgani bildirildi.

Shu bilan bir qatorda, zamonaviy burg‘ulash va laboratoriya uskunalari olib kelingani ta’kidlandi. Buning natijasida burg‘ulash unumdorligi 2019 yilga nisbatan 25 foiz oshgani va jumladan, rudadagi elementlarni aniqlash ko‘lami 40 tadan 63 tagacha ko‘paygani ma’lum qilindi.

«Yil boshidan buyon 150 ta yangi kon davlat balansiga olindi. Oltin, kumush, uran, mis, molibden resurlari va zaxiralari ko‘paydi. Jumladan, Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi Kuljuktov hamda Auminzotov tog‘lari hududida 3 ta oltin, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani hamda Jizzax viloyati Arnasoy tumanida 2 ta uran koni aniqlandi. Shuningdek, 32 ta geologiya-kon zaxirasi xalqaro JORC standartlariga o‘tkazildi», — deyiladi xabarda.

Qilingan ishlar qatorida, qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida 155 ming gektar maydonda tezkor gidrogeologik izlanishlar olib borilgani aytildi. Suv tanqis hududlarda sutkasiga qo‘shimcha 90 ming kubometr ta’minlaydigan suv zaxiralari tasdiqlandi.

Shuningdek, tadbirda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisining hisoboti eshitildi. 20 ta yangi konga onlayn auksionda, ochiq va shaffof tarzda salohiyatli xorijiy investorlarni jalb etish jarayonining borishi ko‘rib chiqildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari 2021 yili geologiya-qidiruv ishlarini 2 barobar kengaytirib, yangi istiqbolli maydonlarni aniqlash, sohaga zamonaviy laboratoriya texnikalarini joriy qilishni jadallashtirish muhimligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Geologiya qo‘mitasiga sanoat kooperatsiyasi asosida yangi konlarni qidirish, topilgan resurslarni o‘zlashtirish uchun xususiy sektorga berish amaliyotini yanada keng qo‘llash bo‘yicha topshiriq berildi.

Tadbirda Namangan tajribasi asosida har bir hududda geologik, ayniqsa, gidrogeologik qidiruvlar bo‘yicha doimiy ekspeditsiyalar tashkil etish zarurligi aytildi.

Shu bilan bir qatorda, Shavkat Mirziyoyev Geologiya qo‘mitasiga foydalanishga berilgan yer qa’ri uchastkalarini o‘zlashtirish samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi. Mutasaddilarga belgilangan chora-tadbirlar bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.