Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi dizayner Nariman Alimjanovni (Nariman Grigoryan) qasddan o‘ldirishda ayblanayotgan sudlanuvchiga nisbatan hukm chiqardi, deya xabar qildi Oliy sud matbuot xizmati.

Sudlanuvchi B. Burkitbayev (1996 yilda, Toshkent viloyatida tug‘ilgan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ilgari sudlanmagan) Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

Sudning 14 avgustdagi hukmi bilan B. Burkitbayev 18 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Sud tayinlangan jazoning umumiy rejimdagi koloniyalarda o‘tash muddatini belgilab berdi.

Oliy sudning saytidagi ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, 14 avgust kuni o‘tgan sud majlisida u 97-moddaning 2-qismining «j» va «i» bandlari (o‘ta shafqatsizlik bilan, tamagirlik niyatida, qasddan odam o‘ldirish), 120-modda (besoqolbozlik), 164-modda 3-qismining «g» bandi (badanga og‘ir shikast yetkazgan holda sodir etilgan bosqinchilik), 173-moddaning 2-qismining «b», «v» bandlari (ko‘p miqdorda o‘zganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) katta zarar yetkazishda ayblangan.

Eslatib o‘tamiz, dizayner Nariman Grigoryan yanvar oyida ijara shartnomasi asosida yashab kelgan Yashnobod tumanidagi uyda o‘ldirilgan edi.