Yangi Zelandiya jinoyat sudi mamlakatning Kraystchyorch shahrida joylashgan ikkita masjidda ommaviy qotillik sodir etgan Brenton Tarrantga umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi. Bu haqda New Zealand Herald nashri xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yili 15 mart kuni 29 yoshli Brenton Tarrant Yangi Zelandiyaning Kraystchyorch shahridagi ikkita masjidga hujum uyushtirgandi. Shunda qurollangan shaxs Linvud va Dins-avenyudagi masjidlarga juma namozi o‘qilganidan so‘ng bostirib kirib, o‘q otgan. Terroristik hujum oqibatida 51 kishi hayotdan ko‘z yumgan va 40 nafari esa jarohatlangan.

Sud qarorida qayd etilishicha, Brenton Tarrant umrbod ozodlikdan mahrum etilib, unga nisbatan muddatidan oldin ozod etish tartibi qollanilmaydi. “Bu u hech qachon ozodlikka chiqmasligini bildiradi”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, bunday qaror Yangi Zelandiya tarixida birinchi marta hukm qilinishi.

O‘z o‘rnida, ayblanuvchi sud qaroriga qarshi chiqmasligi bildirdi, lekin, shu bilan birga, u o‘zini irqchi yoki ksenofob (o‘zgani teng ko‘rmaydigan va yoqtirmaydigan shaxs — tahr.) deb tan olmaslinini qayd etib o‘tdi.

“Og‘riqni hech narsa yumshata olmaydi, ammo umid qilamanki, bu jarayon davomida siz (musulmon jamiyati — tahr.) Yangi Zelandiyaning quchog‘ini his qildingiz. Uning (Brenton Tarrant — tahr.) ismini aytib o‘tirishga endi hojat yo‘q va u umri oxirigacha o‘ziga loyiq jazoni oldi”, — deya sud hukmi borasida izoh berdi Yangi Zenlandiya bosh vaziri Jasinda Ardern mamlakatning musulmonlariga yo‘naltirib.