Jo‘rabek Ahmedov Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumaniga hokim etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligining matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 27 avgust kuni tuman Xalq deputatlari Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman deputatlari tomonidan ️Bo‘stonliq tuman hokimi lavozimiga Jo‘rabek Ilhomovich Ahmedovning nomzodi ko‘rib chiqildi.

Muhokamalardan so‘ng, J. Ahmedov Bo‘stonliq tumani hokimi lavozimiga tayinlangani qayd etildi.

Ma’lumot uchun, Jo‘rabek Axmedov 1983 yil Buxoro viloyati Vobkent tumanida tug‘ilgan. Toshkent arxitektura va qurilish institutini tamomlagan. Tayinlovga qadar J.Axmedov Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Investitsiyalarni jalb qilish va turizm infrastrukturasini rivojlantirish departamenti boshlig‘i bo‘lib ishlab kelayotgan edi.

2018 yildan beri G‘ayrat Madaminov Bo‘stonliq tumani hokimi lavozimida xizmat qilib kelayotgandi. Avgust oyi o‘rtalarida Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining turizm salohiyati juda yuqoriligiga qaramasdan, uzoq yillar davomida bundan yetarlicha foydalanilmaganini ta’kidlagandi.

Shu bois, davlat rahbari ushbu hududni to‘liq turistik zona sifatida rivojlantirish va rejadagi loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida bosh vazir o‘rinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisiga (hozirda bu lavozimni Aziz Abduxakimov egallab kelmoqda) parallel ravishda, yangi tajriba tariqasida Bo‘stonliq tumaniga rahbarlik vazifasini bajarishni yuklatish taklifini bildirgandi.