Yangi o‘quv yilida maktablarda qat’iy forma talab qilinmaydi, lekin bu borada ma’lum tartiblarga rioya qilinishi kerak, deya ma’lum qildi O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov 25 avgust kuni AOKA shtabida bo‘lib o‘tgan brifingda (video).

Avvalroq xabar berganimizdek, bu yil yashil hududlarda tajriba tariqasida maktablarda o‘qish 7 sentyabrdan va barcha hududlarda 17 sentyabrdan ochilishi taklif etilgandi. Qarorni XTV ota-onalar o‘rtasida o‘tkazayotgan so‘rovnoma natijalariga qarab qabul qiladi.

Brifingda agar o‘quvchining oilasida maktab formasini sotib olish imkoniyati bo‘lmasa, maktab ma’muriyati qanday munosabatda bo‘lishi kerak degan savolga javoban Sherzod Shermatov hech kim qat’iy talablarni qo‘ymayotganini aytdi.

«Hech narsa qat’iy talab qilinmayapti. Hatto davomat ham. Formani ham o‘zini tartiblari bor, o‘sha tartiblarga rioya qilinsa, bo‘ldi. Xabaringiz bor, majburiy forma to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish vaqti ham surilgan (2024−2025 o‘quv yiligacha — таҳр.). Lekin talablar bor. Masalan, maktab talablariga mos bo‘lmagan kiyim bilan ichkariga kirib bo‘lmaydi» — deya ta’kidladi vazir.

Shu o‘rinda, vazir birorta davlat maktabi biror sexdan borib forma sotib olishni o‘quvchilaridan talab qilish haqiga ega emasligini qayd etib o‘tdi.

XTV rahbari davomat haqida gapirar ekan, qonunga binoan maktab ta’limi hamma uchun majburiy ekanligini va bu maktabga majburiy qatnashishni nazarda tutishini ta’kidladi. Ammo koronavirus pandemiyasini hisobga olgan holda, O‘zbekiston tarixida ilk bor ota-onalarga ta’lim shakli — an’anaviy yoki masofaviy o‘qishni tanlash huquqi berilmoqda.

Vazir ota-onalarga uquv yili boshlanar ekan, deb hamma ertaga bozorga borishi kerak emasligini ogohlantirdi.

«Ota-onalardan bundan oldin ham bir necha marta iltimos qilgan edik, yana bir marta iltimos qilmoqchimiz. Karantin cheklovlari yumshatilgani bilan virus yo‘qolgani yo‘q. Shuning uchun odamlar maktab uchun bozorlik qilamiz deb bolalarini bozorga olib borishi, o‘ziga, bolasiga yoki boshqalarga virus yuqtirishi kerak emas… Viloyat hokimliklariga zaruriy holatlarda oktyabrgacha maktab yarmarkalari tashkil qilish vazifasi yuklatilgan», — dedi xalq ta’limi vaziri.