O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Qayd etilishicha, mazkur qaror «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakatini davom ettirish hamda moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning bolalarini qishki kiyim-bosh to‘plamlari, maktab formasi va o‘quv qurollari bilan ta’minlash maqsadida qabul qilinmoqda.

Hujjatda qayd etilishicha, sentyabr oyida aholining quyidagi qatlamlariga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi:

  • moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlariga («temir daftar») kiritilgan oilalarning 16 yoshga to‘lmagan bolalariga;
  • boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarning 16 yoshga to‘lmagan bolalariga;
  • nogironligi bo‘lgan 16 yoshga to‘lmagan bolalarga.

Bir martalik moddiy yordam miqdori har bir 16 yoshga to‘lmagan bola uchun 500 ming so‘m etib belgilandi (agarda oilada uch nafar bola bo‘lsa, mablag‘ miqdori 1,5 mln so‘mni tashkil etadi).

810 mingdan ortiq bolani moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun 400 milliard so‘mdan ortiq byudjet mablag‘lari sarflanadi.