COVID-19 infeksiyasi bilan qayta kasallanish ehtimoli bor, lekin juda past ekanini 24 avgust kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) vakili Margaret Xarris brifing davomida ma’lum qildi. U buni Gonkongda qayd etilgan koronavirusni qayta yuqtirish holati bo‘yicha izoh sifatida aytib o‘tdi.

BMT matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, Xarris vaziyatni chigallashtirmaslikka chaqirdi va bunday holatlar juda kam ekanligini aytdi: 23 million odamdan bittasida.

«Biz yangi qayd etilgan qayta kasallanish holatlari haqida ko‘proq eshitishimiz mumkin, — dedi u. — Ammo, bu umumiy tendensiya emas, aks holda bunday xabarlar ko‘proq bo‘lardi».

Shu bilan birga, uning ta’kidlashicha, Gonkongda qayd etilgan holatda ikkinchi marotaba COVID-19 ni keltirib chiqargan shtamm birinchi martasidan farq qilgan. Shu o‘rinda, Margaret Xarris Gonkong olimlarining tadqiqoti koronavirus immuniteti to‘g‘risidagi bilimlarni o‘zgartirishi mumkinligini ta’kidladi.

«Hozirda ko‘plab tadqiqot guruhlari kasallikdan keyin paydo bo‘ladigan tabiiy immunitet qancha davom etishini bilish uchun kasal bo‘lgan odamlarda antitanalarni tadqiq qilishmoqda. Shuni ham tushunish kerakki, bunday immunitet vaksina beradigan himoyadan farq qiladi», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gonkong universiteti (HKU) tadqiqotchilari koronavirusga qayta chalinish holati aniqlangani haqida ma’lum qilishgandi. Mutaxassislarning qayd etishicha, 33 yoshli IT sohasi xodimi aprel oyida COVID-19 kasalligini boshdan o‘tkazgan. Ammo u avgust oyining boshida Ispaniyadan qaytib kelgach, u topshirgan test yana ijobiy chiqqan.

Shu kabi COVID-19 infeksiyasiga qayta chalinish holatlari Belgiya va Niderlandiya ham qayd etilgan.