Nukusda 6 nafar yo‘lovchini olib ketayotgan Damas temir yo‘l kesishmasini o‘tayotganda teplovoz tortib kelayotgan poyezd vagoni bilan to‘qnashgan. Bu haqda IIV YHXBB Axborot xizmati xabar berdi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 25 avgust kuni soat 08:00 larda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri hududidan o‘tuvchi A 380 avtomobil yo‘lining 767-kilometrida haydovchi, 1992 yilda tug‘ilgan S.B. Damas avtomobilini 6 nafar yo‘lovchi bilan boshqarib ketayotib, temir yo‘l kesishmasi orqali harakatlanish qoidalarini buzishi oqibatida teplovoz tortib kelayotgan poyezd vagoni bilan to‘qnashgan.


Foto: IIV YHXBB

YTH natijasida ushbu avtomobil haydovchisi va 3 nafar yo‘lovchisi tan jarohati olib shifoxonaga murojaat qilishgan.

«Mazkur to‘qnashuv yuzasidan Nukus shahar IIO FMB huzuridagi TB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda», — deyiladi xabarda.