Rossiya iste’molchilar huquqlari va inson farovonligini himoya qilish sohasini nazorat qilish bo‘yicha federal xizmatining (Rospotrebnadzor) yetti nafar mutaxassisdan iborat guruhi COVID-19 tarqalishiga qarshi kurashishda yordamlashish uchun O‘zbekistonga keldi, deya xabar berdi O‘zA.

Guruh tarkibidan epidemiolog, virusolog va infeksionistlar joy olgan bo‘lib, ular Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligida 5 sentyabrga qadar faoliyat olib boradilar.

Rospotrebnadzor xodimlari Toshkentdan tashqari Toshkent, Samarqand va Jizzax viloyatlariga ham tashrif buyuradilar. Ular onlayn maslahatlar o‘tkazib, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashda Rossiyaning muvaffaqiyatli tajribalarini joriy etish imkoniyatlarini o‘rganadi.

Avvalroq Rossiya O‘zbekistonga 40 nafar tibbiyot xodimini jo‘natgan edi. Ular orasida reanimatolog, pulmonolog, infeksionist, kardiolog va endokrinologlar bor. Bir oy davomida ular Toshkent va O‘zbekistonning oltita hududidagi shifoxonalarda ish olib boradilar.