Toshkentning Sergeli tumaniga Shukurov Elbek Habibullayevich hokim etib tayinlandi, deya xabar qildi poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

Elbek Shukurov (1988 yilda tug‘ilgan) Toshkent davlat agrar universitetini tamomlagan (2009). Mehnat faoliyatini 2005 yilda «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatida boshlagan, bir necha yil turli lavozimlarda, shu jumladan, Toshkent shahar kengashi raisi sifatida ishlagan.

U Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati va O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan. 2017 yil iyuldan 2018 yil avgustgacha Yoshlar ittifoqining Toshkent kengashini boshqargan, poytaxt hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan.

2018−2020 yillarda Toshkent shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, 2020 yildan hozirgi vaqtgacha O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirining o‘rinbosari sifatida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, Sergeli tumanining avvalgi hokimi Baxtiyor Abduvohidovich Shomurodov avgust oyi boshida egallab turgan lavozimidan ozod qilingan edi. Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Murod Turg‘unovich Isaboyevga vaqtinchalik Sergeli tumani hokimi vazifasini bajarish yuklatildi.