Xalq ta’liimi vaziri Sherzod Shermatov yangi o‘quv yili boshlanishi oldindan ota-onalarga vazirlik tomonidan tayyorlangan so‘rovnomani to‘ldirishga chaqiruvchi murojaat bilan chiqdi.

Vazirning murojaati

«Hurmatli ota-onalar,

Xabaringiz bor, biz 3 ta ssenariy bo‘yicha ishlayotgan edik: 1) an’anaviy maktabni ochish, 2) onlayn maktab orqali o‘qitish va 3) aralash (gibrid) ssenariy — ham an’anaviy ham onlayn. Telegram orqali deyarli 1 mln foydalanuvchi qatnashgan so‘rovnomada 70% ota-ona bola sog‘lig‘idan xavotirda bo‘lib, uyda o‘zi onlayn o‘qitishi mumkinligi, 30% esa pandemiya sharoitida ham farzandini maktabga yuborishini bildirgan.

Shuning uchun, aholini ko‘proq qatlamini rozi qilishni inobatga olib, faqat 3-ssenariy, ya’ni ota-onalarning o‘zlariga tanlash huquqini berish eng optimal variant bo‘lib turibdi.

Bir tomondan, internetda ba’zi davlatlarda maktablar ochilib, kasallik ko‘payishi natijasida qaytadan yopilgani, bolalar o‘zi kuchli kasallanmasada, kattalarga qaraganda kuchliroq virus tashuvchisi bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalayapti.

Ikkinchi tomondan, bu virusdan yaqin orada qutilmasligimizni, vaksina ishlab chiqilgan taqdirda ham uni barcha havfsizlik sinovlaridan o‘tkazishga va ishlab chiqarib bizga yetib kelishiga ancha vaqt ketishi ham aniq. Shunga, ushbu vaqt davrida farzandlarimiz bilim olishdan orqada qolib ketmasliklari zarur.

Karantin qoidalarining yumshatilishi kasallik holatlarining ortishiga olib kelishi mumkinligi, ularni davolashga ham qo‘shimcha vaqt talab etilishi kerakligi hamda o‘qish boshlanishidan avval ularni davolab, kamaytirish muhimligi kabi faktorlarni inobatga olib ekspertlar fikridan kelib chiqib, bu yilgi o‘quv yilini 14 sentyabr — dushanba kunidan boshlash taklif sifatida kiritildi.

Shuningdek, bir hafta oldin sinov tariqasida virus tarqalmagan, havfsiz hududlardagi ba’zi kichik maktablarni ochish, ushbu jarayonda barcha choralarni to‘liq va to‘g‘ri amalga oshirilishini o‘rganib chiqish ham rejalashtirilgan. Maktabga o‘quvchilarning bir vaqtda kelmasligi, kirayotganda isitmasi o‘lchanishi, barcha darslar bir sinf xonasida o‘tilishi, tanaffusda sinf havosi shamollatilishi, o‘quvchilarga ijtimoiy masofani saqlashni tushuntirish kabi qator talablar ishlab chiqilib, joylardagi barcha maktablarda ijrosini ta’minlanish choralari ko‘rilish kerak bo‘ladi.

Shu sababli, bugun-erta barcha maktablarda ota-onalardan so‘rovnomalar o‘tkazilmoqda. Bizga har bir ota-onaning fikri muhim. Iltimos, ushbu so‘rovnomada faol qatnashing! Pandemiya sharoitidan kelib chiqib, aynan sizning farzandingiz maktab ochilganda maktabga borib o‘qiydimi yoki uydan onlayn o‘qiydimi degan savolga faqat siz javob bera olasiz! Bizga esa bu so‘rovnomalar barcha maktablar kesimida aniq, ob’ektiv holat bo‘yicha ma’lumotni yig‘ishga imkon beradi.

Maktablar qayta ochilishi, ta’limni aralash ko‘rinishda tashkil etish, albatta, maktab jamoasiga qo‘shimcha mas’uliyat va vazifalar yuklaydi. Shuning uchun, ushbu jarayonlarda, hurmatli ota-onalarimizdan, pedagoglar mehnatini ham qadrlashlarini so‘rab qolamiz!", — dedi Sherzod Shermatov.

Shu o‘rinda vazirlik murojaatida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining fikricha, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat ikki yilgacha davom etish xavfi borligini, shuning uchun maktablar faoliyatini qayta tiklashga oid qaror o‘quvchilar, pedagoglar va ota-onalarning sog‘ligini o‘ylagan holda qabul qilinishi lozimligini bildirdi.

«Har bir ota-ona o‘zining sharoitidan kelib chiqib, farzandini an’anaviy ravishda maktabga yuborishi yoki uyda qolib onlayn shaklda o‘qitishi yuzasidan mustaqil qaror qabul qilishi kerak. Ota-onalarning fikrini bilish va undan kelib chiqib, ta’lim jarayonini tashkil etish maqsadida, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yangi 2020/2021 o‘quv yilini boshlash borasida maktablarda so‘rovnoma tashkil etildi», — deyiladi XTV murojaatida.