AQSH hukumati O‘zbekistonga umumiy qiymati 2,5 mln dollarga teng 200 ta o‘pkani sun’iy shamollatish moslamasini yubordi, deya xabar berdi «Dunyo» AA.

O‘zbekiston elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘pkani sun’iy shamollatish moslamasi prezident Donald Tramp ma’muriyati tomonidan iyun oyida e’lon qilingan insonparvarlik yordamining bir qismi sifatida taqdim qilinmoqda.

O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash choralarini qo‘llab-quvvatlash uchun taqdim etilgan tibbiy jihozlar mamlakatning Vashingtondagi elchixona tomonidan Oq uy ma’muriyati, AQSH Davlat departamenti va Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) vakillari bilan o‘tkazilgan qator maslahatlashuvlar natijasida O‘zbekistonga yetkazib berildi.

Ma’lum bo‘lishicha, insonparvarlik yordami sifatida yuborilgan asbob-uskunalar tibbiy texnologiya va dasturiy ta’minot ishlab chiqish bo‘yicha 40 yildan ortiq tajribaga ega Amerikaning Zoll Medical Corporation kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan.

Qayd etilishicha, ushbu moslamalar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakatning barcha mintaqalaridagi 62 ta tibbiyot muassasasi o‘rtasida taqsimlanadi.