O‘zbekistonda Szyansi an’anaviy xitoy tabobati universiteti filiali tashkil etiladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

24 avgust kuni sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Xitoyning Beizhong Yilin Pharm Tech (Beijing) Co. Ltd. farmatsevtika kompaniyasi prezidenti Syuejun Lin boshchiligidagi navbatdagi guruhni qabul qildi. Farmatsevtika kompaniyasi hamda Szyansi an’anaviy xitoy tabobati universitetining 10 nafar shifokor va mutaxassislaridan iborat delegatsiyaning maqsadi O‘zbekiston tibbiyot xodimlari bilan COVID-19 pandemiyasiga oid ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashish, hamkorlikda kasallik keng tarqalishining oldini olish, uni nazorat qilish va davolash ishlariga ko‘maklashishdir.

2019 yil aprel oyida O‘zbekiston prezidentining Xitoyga tashrifi davomida bir qancha sohalar qatorida sog‘liqni saqlash tizimida, xususan mamlakatda an’anaviy xitoy tabobatini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga ham erishilgan edi. Bugungi muloqot davomida ta’kidlanganidek, barcha davlatlar uchun og‘ir bo‘lgan pandemiya bilan bog‘liq bo‘lgan inqirozli vaziyatda ikki davlat o‘rtasida ushbu yo‘nalishda samarali hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadga muvofiqdir.

COVID-19 ga qarshi kurashda O‘zbekiston Xitoyning to‘plagan katta tajribasini qo‘llashi va mamlakatlar sa’y-harakatlarini birlashtirish orqali pandemiyani yengishiga ishonch bildirildi.

Muloqot davomida mehmonlar an’anaviy xitoy tabobatining bugungi kunda koronavirusga qarshi kurashdagi ahamiyati xususida batafsil gapirishdi va ushbu yo‘nalishda keng hamkorlik o‘rnatish masalasi muhokama qilindi.

Tashkil qilinadigan filialda tayyorlanadigan mutaxassislar xalq tabobati ilmini zamonaviy tibbiyot yutuqlari bilan uyg‘unlashtirgan holda amaliyotda qo‘llashlari mumkin bo‘ladi, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.