Koronavirusdan tuzalgandan keyin, nafas mashqlari bilan shug‘ullanish nega muhim? Kim ushbu mashqlarni qilmasligi lozim? Kun tartibi va ovqatlanishni qanday to‘g‘ri rejalashtirish kerak? Shifokor-ftiziatr va «Legche legkogo» Telegram kanali muallifi Nadejda Shklovets nafas mashqlari va tiklanish jarayoni bo‘yicha o‘z maslahatlari bilan bo‘lishdi.

— Nafas mashqlari nima? Uning qanday фoyдаси bor?

— Nafas mashqlari- bu o‘pkaning turli bo‘limlarining faol ishlashi va zarur bo‘lganda o‘pkadan suyuqlik chiqishini yaxshilash, nafas mushaklarini mashq qildirishga mo‘ljallangan turli xil mashqlar majmuasi.

Nafas gimnastikasi barcha holatlarda qo‘llaniladigan yagona mashqlar to‘plami emas. Kasallikdan kelib chiqib mashqlar, ularning tezligi va texnikasi o‘zgarishi mumkin.

Ushbu turdagi virus tufayli kelib chiqqan koronavirus infeksiyasi inson uchun yangi hodisadir. U bilan bog‘liq barcha savollarga hali ham aniq javob topilmadi. Eng muhimlaridan biri esa — kasallangandan keyin o‘pka qay darajada qayta tiklana olishi.

Fibroz o‘zgarishlarning rivojlanayotgani to‘g‘risida biz bemor tuzalgandan keyin kamida bir yildan so‘ng biror nima deyishimiz mumkin. Chunki u paytgacha so‘rilish ehtimoli bor. Yangi fibrozni asta-sekinlik bilan ketadigan yallig‘lanishdan keyingi o‘zgarishlardan ajratish rentgenda va hatto MSKTda ko‘rish imkonsiz, lekin aynan faol rezorbsiya (so‘rilish) birinchi 3−6 oy ichida kuzatiladi. Shu paytda organizmga yordam berish uchun harakat qilish kerak. Fibrozga qarshi (chandiq to‘qimalarining rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi) dorilar qanchalik faol ishlashi ustida hali izlanishlar olib borilmoqda.

Hozirda mavjud «so‘riluvchi» dorilarning natijavorligi ba’zi shubhalarni uyg‘otadi. Albatta, ko‘pchilik jarohatlar va kuyishdan keyin qanday chandiqlar qolishini ko‘rgan. Bu kabi vaziyatlarda, masalan qo‘l harakatchanligini saqlab qolishning eng yaxshi imkoniyati — bu og‘riqli va yoqimsiz bo‘lsa ham, muntazam mashqlar bajarishdir. Ko‘p miqdorda qabul qilingan tabletka va in’eksiya ko‘rishinishidagi dorilar chandiqlarni yumshoqroq va elastikroq qilishga qodir emas, faqat izlanish kerak, ishlash kerak. O‘pka kasalliklarida ham shunday, mashq qilmasdan, faqat dori-darmonlarga tayanilsa, bundan hech qanday samara bo‘lmaydi.

— Nafas gimnastikasi qanday holatlarda tavsiya qilinadi?

— Nafas gimnastikasi bronx-o‘pka tizimining barcha kasalliklarida tavsiya qilinadi, faqatgina mashqlar majmuasi, intensivligi va davomiylik o‘zgaradi. Shuningdek, nafas mashqlari odam ko‘p vaqtini to‘shakda davolanib o‘tkazadigan barcha kasalliklarda ishlatilishi kerak. U miyasteniya (mushaklarning kuchsizligi), doimo yotoqda bo‘lish sababli mushak kuchining kamayishi bilan og‘rigan barcha bemorlar uchun majburiydir.

— Qanday hollarda nafas mashqini bajarish mumkin emas?

— Gimnastika 38 darajadan yuqori bezgakning o‘tkir holatida, yuqori qon bosimida, yuqori yurak urishida o‘tkazilmaydi.

— Nima uchun nafas mashqi koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan pnevmoniyadan og‘rib tuzalgan yoki og‘rigan bemorga kerak?

— O‘pka koronavirusdan zararlanganda, interstitsial to‘qimaning yallig‘lanishi va shish tufayli zichlangan joylari paydo bo‘ladi. Interstitsiy — bu o‘pkaning «qurilmasi» bo‘lib, aynan shu joyda qon va limfa tomirlari o‘tadi. Shish va yallig‘lanish paydo bo‘lganda, normal gaz almashinuvi buziladi, kislorodning havodan qonga kirishi qiyinlashadi. Kasallikning o‘tkir davrida bemorning to‘g‘ri holatni qabul qilishi va nafas olishi shikastlangan joylardan suyuqlikning tez so‘rilishiga yordam beradi. Keyinchalik, u fibroz (chandiqli) to‘qima hosil bo‘lishini kamaytiradi.

— Kasallikning qaysi bosqichida mashqларни boshlash kerak? Uлар qanday mashqlar?

— Mashqlar faol kasallik davrining ilk bosqichlarda boshlanadi. Hatto o‘pka sun’iy ventilyatsiyasi bemorlari uchun ham maxsus majmualar mavjud. Bular faol (bemorning o‘zi tomonidan amalga oshiriladi) va passiv (qarindoshlar yoki tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi) qo‘llar va oyoqlarning harakatlari, burilishlardan iborat. Agar bemor ushbu mashqlarni kuniga kamida 30 daqiqa bajarsa, u holda apparatga ulanish vaqtini qisqartirish mumkin, degan tadqiqotlar mavjud.

Mashqlarning qiyinlik darajasi bemorning ahvoliga bog‘liq. Og‘irroq ahvolda bo‘lgan bemorlar uchun mashqlar to‘shakda bajariladi. Bu oyoq va qo‘llarni bukish-ochish mashqlari bo‘lib, oyoqlar bukilganda tovon «yer»dan ko‘tarilmasligi kerak. Shuningdek, qo‘l kaftlari va oyoqlarning aylanma harakatlari, boshning burilishlari, o‘rinning chetiga yonboshlab yotgan holda — qo‘lning yuqoriga harakati — orqaga va keyin pastga tushirish. Muhim ma’lumot — mashqlarga tayyorgarlik paytida nafas olinadi, mashqlar davomida esa nafas chiqariladi. Har bir takroriy mashqlar alohida nafas harakatlari bilan amalga oshiriladi.

Qorin bilan nafas olishni boshlash juda muhimdir. Nafas olayotganda ko‘krak qafasi emas, qorin ko‘tariladi, nafas chiqarayotganda oldingi qorin devori tortiladi. Bu bizni qorin bo‘shlig‘i, diafragmal nafas olishga yo‘naltiradi, ko‘pincha aynan koronavirusga chalinadigan o‘pka bo‘limlarini faol ravishda ochilishiga yordam beradi.

Ahvol yaxshilanayotgnan davrda mashqlarni o‘tirgan holda va tik turgan holda bajarish kerak.

Nafas olish mashqlarini aynan tanaga va oyoq-qo‘l mushaklariga qaratilgan mashqlar bilan almashtirib turish zarur. Bu kabi o‘rin almashinish muayyan mushak guruhlarining charchashini oldini olishga imkon beradi.

— Gimnastikani bir kunda necha marotaba bajarib turish kerak? Necha kun davomida?

— Gimnastika bilan kuniga 3−4 marta shug‘ullanish kerak, davomiyligi esa bemorning mashqlarni ko‘tara olish holatiga bog‘liq. Sekin-sekin davomiylik va mashqlar yuklamasi ortib boraveradi. Jismoniy hamda nafas mashqlarini kamida uch oy davomida muntazam ravishda olib borish kerak. Keyinchalik esa bemorning holatiga qarab tavsiyalar beriladi.

— Bolalar va keksalar uchun mashqlarning farqlari nimada?

— Keksa odamlarda biz har doim hamroh holatlarni, yurak urishi moyilligini, qon bosimining ko‘tarilishini hisobga olamiz. Mashqlar nafas olish, tomir urishi, kompensatsiyalangan qon bosimi fonida boshlanadi. Agar kardiolog yoki terapevt tomonidan buyurilgan gipotenziv preparatlar bo‘lsa, albatta barchasini qabul qilish kerak. Yana yuqorida tilga olingan prinsip davom etadi — ko‘tara bilish holatiga qarab, mashqlar yuklamasi ortib boraveradi.

— Mashqlar davomida ,bemor o‘zini yaxshi his qilmasligi mumkinmi? Bu nimani anglatadi?

— Nafas qisilishi, bosh aylanishi, kuchli holsizlik, ko‘ngil aynishi, saturatsiyaning pasayishi kelib chiqqan holda mashqlar darhol to‘xtatiladi. Mashg‘ulotlarni «yengib o‘tish orqali» bajarish mumkin emas. Agar bu holat har safar takrorlansa, mashqlar majmuasi yuklamani yengillashtirish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqiladi. Bolalar uchun mashqlar prinsipi kattalarniki kabidir.

— Nafas gimnastikasining sog‘lom odam uchun foydasi nimada?

— O‘ylashimcha, har bir inson muntazam shug‘ullanishi kerak. Jismoniy faollik ortiqcha vazndan xalos bo‘lishga imkon beradi, yurak, nafas olish tizimi, qon tomirlarini mashq qildiradi. Koronavirus bizga ko‘rsatganidek, yaxshi jismoniy holatdagi bemorlar kasallikning og‘ir bosqichiga kamroq uchradi.

Jismoniy mashqlar, piyoda yurish qondagi qand miqdorini normallashtiradi, to‘qimalarning insulinga sezgirligini oshiradi.

Nafas mashqlari jismoniy mashqlar bilan birlashtirilishi kerak. Bu yerda ham hamma yerda bo‘lgani kabi fanatizmgacha yetmasdan, biror rekordni o‘rnatishga urinmaslik zarur.

— Ovqatlanish bilan bog‘liq holda gimnastika vaqtini qanday qilib to‘g‘ri rejalashtirish kerak?

— Ovqatdan so‘ng darhol hech qanday mashq bajarilmaydi. Ovqatdan keyin taxminan bir soat, agar iste’mol qilingan oziq-ovqat miqdori ko‘proq va rejalashtirilgan yuklama hajmi kattaroq bo‘lsa ko‘proq vaqt kutish kerak. Ammo och holatda ham faol shug‘ullanmaslik kerak. Jismoniy mashqlar energiya iste’molining ko‘payishiga olib kelishini inobatga olsak, ovqatlanish oralig‘ida shug‘ullanish maqsadga muvofiqdir.

— Agar odam kasal bo‘lib qolsa, nafas qisilishi, bosh aylanishi yoki qon bosimi ko‘tarilsa, nima qilish kerak?

— Ushbu alomatlar paydo bo‘lganda, mashqlar to‘xtatiladi, o‘tirish yoki yotish zarur. Bemor hushidan ketayotgan holat bo‘lsa, boshdan balandroq bo‘lishi uchun oyoq ostiga yostiq qo‘yish kerak. Issiq suyuqlik, qonda shakar miqdori normal bo‘lsa, shirin choy ichish kerak. Bemor o‘zini yaxshi his qilishni boshlaganidan so‘ng, nafas olish tezligi, tomir urishi va qon bosimi normallashganidan keyin gimnastikani yana davom ettirish mumkin.

Keyingi mashg‘ulotlar intensivligi va takroriyligi kamroq bo‘lgan mashqlar bilan boshlanadi. Xonani shamollatish, hech qayerni siqmaydigan yengil kiyim kiyish kerak.

Mashqlar to‘plami bo‘yicha tavsiyalar

Nafas gimnastikasi shartli ravishda bir necha tarkibiy qismlardan iborat.

Bemorning faol harakatlari. Ko‘krak, diafragma, yelka-kamar mushaklari uchun mashqlar kombinatsiyasi.

Joylashtirish. Ya’ni, bemor o‘pkaning ayrim bo‘limlarida havo aylanishini yaxshilash, unda mavjud suyuqliklarning oqib tushishini yaxshilash uchun ma’lum holatda yotqiziladi. Vaqt o‘tishi bilan bemorning holati aniq davriylik bilan o‘zgaradi.

Bosish harakatlari. Qarovchilar yoki tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Bu harakatlar ayniqsa yotgan bemorlar uchun muhimdir. Ko‘pincha, bosish harakatlari joylashtirish bilan parallel holatda olib boriladi.

Maxsus nafas olish asboblaridan foydalanish: yo‘tal uchun insufflyator-aspirator, nafas olish va nafas olishni tartibga soluvchi apparatlar, nafas olish simulyatorlari.

Nafasning o‘zi qorindan, ko‘krakdan yoki aralash bo‘lishi mumkin. Qaysi mushaklar faolroq ishlashiga qarab, o‘pkaning turli qismlarini ventilyatsiya qilish jarayoni o‘zgaradi.

Koronavirus pnevmoniyasi bilan og‘rigan bemorlar uchun yoki ushbu kasallikdan so‘ng qayta tiklanish davrida tavsiya etilgan asosiy mashq — diafragmali nafas — qorin bo‘shlig‘idan nafas olishdir. Shu bilan birga, nafas olish paytida, qorinni iloji boricha to‘ldirishga, nafas chiqarganda esa uni tortishga harakat qilish kerak. Bu mashqni oson bajarish uchun nafas chiqarishdan boshlagan ma’qul.


Illyustratsiya: Eldos Fazыlbekov / «Gazeta.uz»

Qolgan barcha komplekslar nafas qisilishining og‘irligi va namoyon bo‘lishiga qarab alohida tanlanadi.

— Прон-pozitsiyaning (qorinda yotish) ahamiyati haqida gapirib bering. U reabilitatsiya uchun kerakmi yoki faqat kasallik vaqtidami? Sog‘lom odamgachi?

— Koronavirusda o‘pkaning orqa, pastki, aynan orqaga yopishib turgan qismlari shikastlanadi. Agar odam qorinda yotsa, unda og‘irlik kuchi ostida qonning suyuq qismining tomirlardan chiqishi kuchayadi. O‘pka to‘qimalarining bu qismlari gipoventilyatsiya holatidadir, ya’ni ularning ishlashi pasayadi. Zaifroq ko‘krak mushaklari cheklangan miqdordagi havo bilan nafas olish imkonini beradi, ya’ni har bir nafas bilan tanaga kiradigan kislorod miqdori ham unchalik katta emas.

Bemor qoringa ag‘darilganida yoki bu holatga maksimal yaqinlashganida orqaning kuchliroq mushaklari ishlay boshlaydi. Har bir nafas to‘liqroq bo‘ladi, tanaga kiradigan kislorod miqdori ortadi. Buning uchun qorinda yotish kifoya. O‘pkaning zararlangan qismlarida faolroq havo almashadi. Ikkala tomonning ochilgan alveolalari interstitsial bo‘limlarni siqadi — to‘lgan suyuqlik tezda to‘qimalarni tark etadi.

Shunday qilib, pron-pozitsiya — bu bir vaqtning o‘zida ham yengillashtiruvchi holat va nafas gimnastikasidir. Bemorning ahvolini yengillashtirishi sababli u kasallik paytida zarur, ma’lum darajada to‘qimalarda shishishlar tarqalishining oldini oladi.


Reabilitatsiya davrida pron-pozitsiya zararlangan segmentlarning faol nafas olishiga yordam beradi. Bu o‘pkaning to‘liq tiklanishiga va fibroz o‘zgarishlarning namoyon bo‘lishini kamaytirishga imkon beradi. Pron-pozitsiya va nafas mashqlari kasallikdan so‘ng kamida uch oyгача juda muhimdir.

Sog‘lom odam uchun tez-tez qorinda yotishga hojat yo‘q. Ammo, agar bu odat tusiga kirgan bo‘lsa, noqulaylik tug‘dirmasa, hech qanday zarar qilmaydi.

O‘ylaymanki, reabilitologiya — nafaqat koronavirus infeksiyasidan, balki barcha kasalliklardan keyingi organizmni qayta tiklash bilan shug‘ullanuvchi tibbiyot bo‘limining faol rivojlanishi vaqti keldi. Davolovchi jismoniy tarbiya, davolovchi massaj, logoped — nutq terapevtlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash juda ahamiyatlidir. Insonning tiklanishi barcha mutaxassisliklar shifokorlari — terapevt, nevropatolog, endokrinolog, pulmonolog, kardiolog, psixiatr va boshqalar nazorati ostida amalga oshirilishi kerak. Aynan davolovchi jismoniy tarbiya vrachlarining yetishmasligi hozir bizning mamlakatimizda sezilarli. Ularning ishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri reanimatsiya bilan boshlanishi kerak, keyin bemor davolanish va reabilitatsiyaning keyingi bosqichlariga o‘tkaziladi.

— Konditsioner, havo namlagichi pnevmoniyaga chalingan insonlar uchun kerakmi, ayniqsa yoz faslida?

— So‘nggi paytlarda konditsionerlardan qat’iyan voz kechish kerak degan fikr tez-tez eshitilmoqda. Bizning iqlim sharoitida men bunga uncha qarshilik ko‘rsatmagan bo‘lar edim. O‘pkasi kasallangan odam uchun issiqlikni ko‘tarish boshqalarga nisbatan ancha qiyinroq. Yagona talab — konditsionerning barcha filtrlarini muntazam tozalab turish kerak. Konditsioner o‘chirilganidan keyin xonani kechki va tungi paytlarda har kuni shamollatish kerak. Tabiiyki, juda past haroratni o‘rnatmaslik, undan keladigan shamolni odamga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘naltirmaslik kerak.

Bizning quruq iqlimimiz sharoitida namlovchi vosita ham yaxshi moslama. Biroq, yana takrorlanaman, bu holatdagi gigiyena qoidalari yetarlicha qat’iy. Yana bir nozik jihati — namlagichdan foydalanganda xona harorati issiq bo‘lmasligi kerak. Yuqori harorat va namlik bu — hammom kabidir, nafas olish oson bo‘lmaydi.

Ushbu qurilmalarni yoqish yoki yoqmaslik borasida bosh qotirishdan ko‘ra, bemorning o‘zini yaxshi his qilishi va uning qulayligiga e’tibor qaratish muhim.

— Yaqinda pnevmoniyani boshidan o‘tkazgan bemorlarning kun tartibi, ovqatlanishi, jismoniy faolligini tashkil qilish bo‘yicha qanday tavsiyalar mavjud?

— Kun tartibi va ovqatlanish tartibi — reabilitatsiya asosidir. Soat 23dan kech bo‘lmagan vaqtda yotib, яхши uxlash kerak. Xohish bo‘lganida kun davomida dam olish mumkin.

Ideal holda, hamma narsa yaxshi ko‘rinadi, lekin aslida ko‘pincha uyqu bilan bog‘liq muammolar bo‘ladi. Shuning uchun uyquni tashkil qilish — shamollatilgan xona, kompyuter, smartfondan foydalanmaslik, yotishdan oldin bir necha soat televizor ko‘rmaslik juda muhim. Uyquga ketish qiyin bo‘lsa — somnolog, nevrolog, psixiatr bilan maslahatlashgandan so‘ng, melatonin, uyqu tabletkalari, tinchlantiruvchi yoki antidepressantlarni qabul qilishni boshlash mumkin.

Sut mahsulotlarining iste’moli nomaqbulligi to‘g‘risidagi fikrni eshitgan edim. Menimcha, bu unchalik to‘g‘ri fikr emas. Sutni ichish va o‘pkada qandaydir afsonaviy suyuqliklarning paydo bo‘lishi o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik yo‘q. To‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga ko‘ra, me’yordan oshmagan holda hamma narsani yeyish mumkin. Oqsilga boy mahsulotlar, vitaminlar, mikroelementlar ratsionimizda bo‘lishi kerak. Chegaralanish faqatgina qo‘shilgan shakar miqdorida bo‘lishi kerak. Ya’ni, agar biror narsani cheklash zarur bo‘lsa, men shirinlikka ruju qo‘ymaslikni maslahat bergan bo‘lar edim.

Jismoniy faoliyatning eng muhim prinsiplari — bu muntazamlik va yuklamani bosqichma-bosqich oshirish. Haftada ikki soat yoki undan ko‘proq vaqt ketma-ket shug‘ullanishdan ko‘ra, har kuni 10 daqiqalik mashqlarni kun davomida takrorlab turish yaxshiroqdir.

Kasallikning og‘irligiga qarab, yotoqda va o‘tirib bajariladigan mashqlardan yaqinlaringiz yordami bilash boshlashingiz mumkin. Yurishni boshlang. Avval xona atrofida, asta-sekin hududni kengaytiring. Keyin hovliga yoki ko‘chaga chiqishingiz mumkin. Yaqqol namoyon bo‘layotgan holsizlikda bemorga hamrohlik qilish tavsiya etiladi.

Uydan tashqarida bo‘lgan ilk sayrlarni yo‘l davomida dam olish imkonini inobatga olgan holda rejalashtiring. Har doim uyga qaytish kerakligini yodingizda tuting, shuning uchun charchoqni his qilganingizdan oldinroq qayting. Dastlab, uy atrofida aylanishingiz mumkin, keyinroq uzoq masofalarga chekinishingiz mumkin.

— Pnevmoniyadan keyin tibbiy niqob — uni kiyishга zarurat bormi?

— O‘pkada pnevmoniya bilan og‘rigandan keyin «zaif» joylar mavjud. Boshqa viruslar va bakteriyalar keltirib chiqaradigan kasallikning qaytalanish xavfi katta. Bundan tashqari, ikkinchi kasallikning paydo bo‘lishi ehtimoli masalasiga hali aniqlik kiritilmagan. Shuning uchun, hozircha odam gavjum joylarda niqob taqishni tavsiya qilgan bo‘lar edim.