22 avgust kuni kechqurun Germaniyadan tibbiyot mutaxassislaridan iborat 10 kishilik guruh koronavirusga qarshi kurashishda yordamlashish va tajriba almashish uchun O‘zbekistonga yetib keldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Robert Kox instituti Xalqaro sog‘liqni saqlash markazi direktori o‘rinbosari, Xalqaro sog‘liqni saqlash axborot markazi rahbari, doktor Andreas Yansen rahbarligidagi guruh Robert Kox institutining yetakchi ekspert va mutaxassislari, shuningdek, Frankfurt-Mayn va Dyusseldorf universitetlari klinikalarining yuqori malakali vrachlari hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi vakillaridan tashkil topgan.

Germaniyalik mutaxassislar tashrif davomida Respublika koronavirusga qarshi kurash shtabi mas’ullari bilan birgalikda mamlakatdagi COVID-19 ga qarshi kurash holatini tahlil qilib, tegishli tavsiyalar taqdim etish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, ular Viruslogiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida, Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi, shuningdek, qator viloyatlardagi ushbu sohaga ixtisoslashgan shifoxonalar, tibbiy markaz va laboratoriyalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, kornovirusni aniqlash, nazoratga olish va bemorlarni davolashda mahalliy hamkasblariga amaliy ko‘mak berishlari rejalashtirilgan.